Spot 2022-yil 1-fevralda biznes va iqtisodiyotga aloqador turli sohalarda kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi.


Jismoniy shaxslarga oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida oʻz xonadonida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyishga ruxsat beriladi

Prezidentning baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha prezident qaroriga muvofiq 2022-yil 1-fevraldan:

  • jismoniy shaxslarga oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida oʻz xonadonida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyishga ruxsat beriladi;
  • 2025-yil 1-yanvarga qadar ayrim soliq imtiyozlariga ega boʻladi.

Baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkasi 50% miqdorida belgilanadi.


S1 yoki unga teng darajadagi sertifikatga ega rus tili oʻqituvchilariga ustama toʻlanadi

S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega rus tili fani oʻqituvchilariga sertifikat olingan kundan boshlab ikki yil davomida ustama toʻlanadi.

Bundan tashqari, Toshkent va Samarqand shaharlarida faoliyat yuritadigan nodavlat taʼlim tashkilotlari:

  • taʼlim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarining 50%igacha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;
  • vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida faoliyatini amalga oshirganida ijara toʻlovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal toʻlovlar boʻyicha xarajatlar bundan mustasno).

26ta tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi

Korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan ayrim davlat tashkilotlari faoliyatiga eksperiment tariqasida 1 fevraldan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.

2022-yil 1-iyuldan boshlab tizim barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.


Masofadan amalga oshirilgan savdo boʻyicha elektron cheklarda fiskal belgilar aks ettiriladi

Toʻlov tashkiloti, tijorat banklarining elektron toʻlov xizmatlari (shu jumladan mobil ilovalar orqali), shuningdek, elektron tijorat platformalari — “Marketpleys"larning axborot tizimlari yordamida masofadan turib amalga oshirilgan savdo va pullik xizmatlar boʻyicha tranzaksiyalarning (“P2P”, kredit toʻlovlari bundan mustasno) elektron cheklarida soliq organlari axborotlar tizimlariga integratsiyalashgan va avtomatik tarzda shakllanuvchi fiskal belgilarni majburiy aks ettirish talabi oʻrnatiladi.


Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun oʻquv kurslari tashkil etiladi

Prezident qaroriga binoan:

  • barcha hududlardagi kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda nogironligi boʻlgan shaxslarni kasb-hunarga oʻrgatish boʻyicha har chorakda qisqa muddatli kurslar;
  • “Ishga marhamat” monomarkazlarida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tavsiya etilgan va mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar, xorijiy til, kompyuter savodxonligi va kompyuterda dasturlash asoslari boʻyicha doimiy ravishda oʻquv kurslari tashkil etiladi.

Oʻquv kurslarini tashkil etish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hamda xorijiy grant va kreditlar hisobidan amalga oshiriladi.


Mahalliy farmatsevtika kompaniyalarining mahsulotlarini xorijda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlari qoplab beriladi

Mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 75%i ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasidan qoplab beriladi.


“Mehr daftari"ga kiritilgan yetim bolalarga oid maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi orqali aniqlash yoʻlga qoʻyiladi

Hukumat qaroriga binoan “Mehr daftari"ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga oid maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali aniqlash yoʻlga qoʻyiladi.


Turizm va sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga byudjetdan har oylik qoʻshimcha transfertlar ajratiladi

Turizm va sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining asosiy moliyaviy manbai hisoblangan turistik yigʻim (mehmonxona yigʻimi)ni hisoblash va toʻlash 2021-yil 1-sentyabrdan toʻxtatilgani sababli Moliya vazirligi 2023-yil 1-yanvarga qadar Davlat byudjetidan Jamgʻarmaga har oyda 2,5 mlrd soʻm miqdoridagi qoʻshimcha transfertlar ajratadi.


Xabarni toʻldirishda lex.uz va kun.uz manbalaridan foydalanildi.