Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 2 qavatli uy auksion savdosiga qoʻyildi. Bu elektron auksion maʼlumotlaridan kelib chiqmoqda.

Koʻchmas mulk 1994-yilda qurilgan va oxirgi marta 2018-yilda kadastr roʻyxatidan oʻtgan. Hozir bu yerda doʻkon va oʻquv markazi joylashgan.

Bino Fidokor va Taras Shevchenko koʻchalari burchagida (East Telecom ofisi yonida) 0,11 gektar maydonda joylashgan. Umumiy maydoni 1242 kv metr, shundan foydali maydoni 920 kv metrni tashkil etadi. Hammasi boʻlib 22ta xona mavjud.

Barcha qulayliklar — gaz, elektr, suv va kanalizatsiya mavjud. Binoning holati yaxshi deb koʻrsatilgan, ammo fotosuratdan koʻrinib turibdiki, baʼzi xonalarda taʼmirlash tugallanmagan.

Lotning boshlangʻich bahosi — 38,01 mlrd.soʻm. Savdolar 4-mart kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu kuni soat 9:00 gacha qabul qilinadi.

Lot “Turkistonbank” Yunusobod filiali tomonidan sotuvga qoʻyilgan.

Avvalroq Spot Toshkent aeroporti yaqinidagi ikkita bino yana auksion savdosiga qoʻyilganligi haqida yozgan edi.