Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik vaziyatni yaxshilash va chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Oʻzbekistonda yiliga 7 mln tonnaga yaqin maishiy chiqindi ishlab chiqariladi. Aholi jon boshiga chiqindilar miqdori yiliga 2 foizga oshib, jahon miqyosida oʻrtacha koʻrsatkichdan oshib bormoqda.

Chiqindilarni qayta ishlash notekis rivojlanmoqda. Agar Andijon va Buxoro viloyatlarida 43−45% chiqindi qayta ishlansa, Fargʻona va Qashqadaryoda atigi 20% chiqindi qayta ishlanadi. Eng past koʻrsatkich Qoraqalpogʻistonda qayd etilgan — 10%.

“Chiqindi” muammosini hal qilish uchun prezident sohani qayta tashkil etish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Oʻzbekiston boʻylab chiqindilarni qayta ishlashni 40% ga, xususiy sektor ulushini 50% ga yetkazish rejalashtirilgan.

  • Saralash va qayta ishlash uskunalarini xarid qilish uchun 5 yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi, shuningdek, foizlarning bir qismi qoplanadi. Bundan tashqari, uning uchun maxsus texnika va ehtiyot qismlar 3 yil muddatga bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi.
  • Chiqindilarni qayta ishlash klasterlari uchun yer, mulk va ijtimoiy soliq stavkalari 1% miqdorida belgilanadi.
  • Klasterlarni tashkil etish tartibini qayta koʻrib chiqiladi. Jumladan, ularni atrofdagi hududlarda hosil boʻladigan chiqindilarning kamida 40%ini qayta ishlash majburiyatini yuklash taklif etilmoqda.
  • 1 martga qadar shahar va tumanlardan chiqindi chiqarish boʻyicha 38 ta tender oʻtkaziladi. Joriy yilda 51 ta shahar va tumanga 500 ta maxsus yuk avtomobili xarid qilinadi.
  • Bundan tashqari, 1-oktyabrga qadar ijtimoiy muassasalar va bozorlarga 8 ming dona chiqindi konteynerlari oʻrnatiladi.
  • Shaharsozlik standartlari yangi koʻp qavatli binolar uchun zamonaviy chiqindilarni yigʻish punktlarini qurish talabini oʻz ichiga oladi.

Umumiy maydoni 165 gektar boʻlgan 24 ta poligonni koʻmib, keyinchalik obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bundan tashqari, Ohangaron viloyatida Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan yangi chiqindixona qurilishi boshlanadi.

Toshkent shahrida chiqindilarni utilizatsiya qiluvchi korxona tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Mirziyoyev, shuningdek, ishlab chiqishga xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun toʻlovning yangi tizimini yaratish vazifasini ham qoʻydi.