Telegram asoschisi Pavel Durov raqobatchisi WhatsApp servisi texnik guruhi faoliyatini tanqid ostiga oldi.

U Boldend startapi Meta messenjerini buzish uchun vositalar ishlab chiqqani haqida xabar bergan Forbes maqolasiga keskin fikrlar bildirdi.

2017-yilda ishga tushirilgan Boldend kiber urushda yordam berish uchun yechimlar ishlab chiqmoqda, Forbes AQSh hukumati tuzilmalarini oʻzining asosiy mijozi sifatida koʻrsatmoqda. Nashrning yozishicha, Facebookʼga faol sarmoya kiritgan va Meta direktorlar kengashi aʼzosi Piter Til startap yaratishda ishtirok etgani eʼtiborga molik. U tomonidan boshqariladigan tuzilma Boldendga taxminan $10 mln sarmoya kiritgan. Forbes Boldendga WhatsAppʼni buzishga imkon bergan zaiflik oʻtgan yilning yanvar oyida bartaraf etilganini taʼkidlamoqda.

Durov bu yangilikka alohida postda munosabat bildirdi va WhatsApp xabarlari “potensial hujumchilar uchun yillar davomida ochiq” ekanligini va messenjer yaratilganidan beri har doim xavfsizlik bilan bogʻliq muammolar mavjudligini aytdi. Durovning taʼkidlashicha, u bu haqda ikki yil oldin yozgan va oʻshandan beri hech narsa oʻzgarmagan.

“WhatsAppʼning texnologik jamoasi juda qobiliyatsiz ekaniga ishonish qiyin. Telegram ancha zamonaviy IM-mijozi sifatida hech qachon bunday jiddiy xavfsizlik muammolariga duch kelmagan”, — deya xulosa qildi Durov.

Oʻtgan yil oxirida Durov messenjerlarni, jumladan, WhatsAppʼni AQSH rasmiylari uchun maxsus “back door” (orqa eshik) yaratib, hatto shifrlash bilan himoyalangan xabarlarga ham kirishga ruxsat berishda aybladi.

Avvalroq Durov Rossiyada kriptovalyutalarning taqiqlanishi, bu koʻplab sohalarning rivojlanishiga xalaqit qilishi haqida fikr bildirgan edi.