Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasidagi binoni ijaraga olish huquqi auksion savdosiga qoʻyildi, bu E-auksion veb-sayti maʼlumotlaridan kelib chiqmoqda.

Bu mehmonxonaning birinchi qavatidagi obyekt hisoblanadi. Tavsifga koʻra, “Xalqaro lyuks brendlarning soatlari butigi” sifatida moʻljallangan.

Binoning maydoni 26,56 kv.metr, suv va elektr bor. Kommunal toʻlov balans egasi (“Poytaxt qurilish va xizmat” DUK) bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Balans egasi binolarning texnik holati uchun javobgardir. Obyekt 12 oyga ijaraga beriladi.

Boshlangʻich baho — 20,75 mln soʻm. Auksion 25 mart kuni soat 10:00 da boshlanadi, arizalar shu sanagacha qabul qilinadi.

Prezidentning 2021-yil avgust oyida imzolangan qarori bilan Hyatt Regency mehmonxonasi xususiylashtirish uchun moʻljallangan. Ayni paytda u auksion savdosiga qoʻyishga hozirlik koʻrilmoqda.