Davlat soliq qoʻmitasi isteʼmolchilarga toʻlanayotgan keshbeklar haqida maʼlum qildi. Qayd etilishicha, dastlabki 86,7 ming nafar isteʼmolchiga 15,1 mlrd soʻm keshbek toʻlab berildi.

Shu bilan birga, oʻtgan oy mobaynida 276 302 ta xarid chekiga hisoblangan yana 5,4 mlrd soʻmdan ortiq keshbek toʻlanmasdan qolmoqda.

Bunga 17 517 ta tadbirkorlik subyektlarining soliq hisobotlaridagi kamchiliklar sabab boʻlayotgani aytilgan:

  • 2 763 ta tadbirkor (hisoblangan keshbek — 2,6 mlrd soʻm) hisobotlarida chek maʼlumotlari toʻliq aks ettirilmagan;
  • 12 406 ta tadbirkor (hisoblangan keshbek — 1,4 mlrd soʻm) umuman hisobot topshirmagan;
  • 2 348 ta tadbirkorning 1 mln soʻmdan yuqori soliq qarzi mavjud (hisoblangan keshbek — 1,4 mlrd soʻm).

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotlari topshirilishi, kamchiliklar tuzatilishi hamda qarzdorligi kamayishi boʻyicha kunlik oʻzgarishlar real vaqt rejimida inobatga olinib, hisoblangan keshbek summasi tasdiqlanadi, deyiladi maʼlumotda.