Ayrim faoliyat turlari maxsus elektron tizim orqali litsenziyalanadi

Quyidagi xizmatlar YAIDXP orqali elektron shaklda koʻrsatiladi:

  • Oʻzbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
  • chet davlatda Oʻzbekiston fuqaroligini tasdiqlash boʻyicha tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalar olish;
  • sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi ma’lumotlar olish;
  • avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
  • jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.

Meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi

Meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xoʻjaliklariga — eksport shartnomasi mavjud boʻlib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sugʻurtalash xizmatidan foydalanganda toʻlangan sugʻurta mukofotining 50 foizi, biroq sugʻurta pulining 1 foizdan ortiq boʻlmagan qismi qoplab beriladi.

Meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) — xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuman boʻlimlari orqali kompensatsiya qilinadi.


Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi

Yoshlar yetakchisi, jumladan, “Yoshlar balansi"ni shakllantirib, yoshlar toʻgʻrisidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib boradi.

Qarorga koʻra, har bir mahallada “Bir nuroniyga oʻn nafar yosh”, “Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalari amalga oshiriladi.

Har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat boʻyicha eng ilgʻor 100 nafar Yetakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.


ID-kartasi bor haydovchilar boshqa hujjatlarni ko‘rsatishi shart bo‘lmaydi

Kuchga kiradigan tartibga asosan, haydovchi YPX inspektoriga taqdim etishi kerak bo‘lgan hujjatlari yonida bo‘lmasa, bu hujjatlar maxsus planshet yordamida haydovchining ID-kartasi orqali tekshiriladi.


Oʻzbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilinadi

Fuqarolarning ochiq havoda niqob taqish majburligi bekor qilindi. Jamoat transporti, yirik savdo do‘konlari, ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat idoralari, masjidlar, teatr, kinoteatr, muzey, san’at saroylari, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va boshqa odamlar gavjum joylarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.


UJK xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga oylik kompensatsiya toʻlovlari joriy etiladi

Bu prezidentning 28 yanvardagi “Aholinnig ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi [PF-58-son] farmonida nazarda tutilgan.

Ushbu sanadan boshlab ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi. Har oylik kompensatsiya to‘lovi — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi (130 050 so‘m) miqdorida to‘lanadi.


Nogironligi bo‘lgan shaxslarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar beriladi

Soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga muvofiq bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi.

2024 — yil 1 — martga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to‘liq qaytarib beriladi.

Bunda, ijtimoiy soliq summasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.


IIV tizimidagi “Topilmalar stoli” faoliyati tugatiladi

Ichki ishlar vazirligi tizimidagi “Topilmalar stoli” faoliyati tugatiladi hamda tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishi boshlanadi.


Sement, klinker va qurilish oynalari eksportiga cheklovlar bekor qilinadi

Prezident qarori bilan barcha yuridik shaxslarga respublikada ishlab chiqariladigan sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2024 yil 1 yanvarga qadar Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.


Koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi

Prezident qaroriga binoan davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) bo‘lgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:

  • yer uchastkalarini obod holda saqlash;
  • daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni parvarish qilish va sug‘orish;
  • yig‘ishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini o‘rnatish;
  • bolalar maydonchalari, o‘tirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini o‘rnatish, ta’mirlash va saqlash;
  • aholi uchun piyoda yo‘laklarini barpo etish, ta’mirlash va lozim darajada saqlash.

Xabarni toʻldirishda lex.uz va kun.uz manbalaridan foydalanildi.