7-mart kuni bir barrel neft narxi qariyb $140 ga yetdi. Maʼlumotlarga koʻra, Brent rusumidagi neftning bir barreli narxi $139 gacha koʻtarilgan.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Qoʻshma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilari bilan Rossiya nefti importidan voz kechishni muhokama qilayotganini aytgandi.

Bloomberg agentligi manbalarining soʻzlariga koʻra, Vashington Yevropa ishtirokisiz ham neftga embargo qoʻyishi mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, AQSh neft importining 3% ga yaqini Rossiya hissasiga toʻgʻri keladi.

JPMorgan Chase & Co tahlilchilari yil oxiriga borib Brent narxi $185 ga yetishi mumkin deb hisoblamoqda.

Neft va Oʻzbekiston

Bir tomondan, Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkorlari neft narxining yuqoriligidan foyda koʻradi.

Odatda, neft qimmat boʻlganda, Rossiya rubli dollarga nisbatan mustahkamlanadi. Bu Oʻzbekiston uchun asosiy xorijiy valyuta manbalaridan biri boʻlgan mehnat muhojirlarining pul oʻtkazmalariga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda (2021-yilda $8,1 milliard).

Biroq Ukrainada harbiy maxsus operatsiya boshlanishi bilan Rossiya valyutasi dollarga nisbatan zaiflashdi.

Soʻmga nisbatan Rossiya rubli oʻtgan haftadagi qulashdan keyin biroz mustahkamlandi. Dushanba kuni Markaziy bank valyuta kursini bir rubl uchun 99 soʻm etib belgiladi. Banklar hozirda rublni asosan 120 soʻmdan sotmoqda, 80 soʻmdan xarid qilmoqda.