14-mart kuni ertalab Uzcard’da profilaktika ishlari olib borildi. Bu haqda toʻlov tizimining operatori maʼlum qildi.

EOPC maʼlumotlariga koʻra, tizimda potensial texnik uzilishlar aniqlangan. Ularni bartaraf etish maqsadida soat 11:00 dan 11:20 gacha Uzcard mutaxassislari tomonidan jarayonlarni optimallashtirish boʻyicha tezkor ishlar olib borildi.

Bu vaqtda elektron tijorat hisob-kitoblarini qabul qiluvchi toʻlov xizmatlari tomonidan qisqa muddatli nosozliklar yuzaga keldi. Endi toʻlovlar tiklandi va normal ishlamoqda, deya taʼkidladi EOPC.

POS-terminallar orqali toʻlovlar, shuningdek, bankomatlardan naqd pul yechib olish ham oddiy rejimda amalga oshiriladi, deya qoʻshimcha qilingan xabarda.

Toʻlov xizmati vakillari vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻradi.

Avvalroq Spot 4 kunlik texnik ishlardan soʻng Uzcard Rossiyaning “Мир” toʻlov tizimi kartalarini qabul qilishni qayta boshlagani haqida yozgan edi.