Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida noqonuniy kripto-aktivlar mayningi faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, departamentning Yangibozor tuman boʻlimi “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ, DXX va IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazgan. Tadbir davomida fuqaro U.Q. oʻzining xonadonida oʻzboshimchalik bilan hisoblagichdan tashqari elektr tarmogʻiga ulanib, 8 ta kompyuter oʻrnatib, 372 kun davomida noqonuniy kripto-aktivlar mayningi faoliyatini yuritib kelgani aniqlangan. Buning natijasida u elektr tarmoqlari korxonasi manfaatlariga 112,7 mln soʻm zarar yetkazgan.

Shuningdek, mazkur tumanda yashovchi yana bir fuqaro K.Q. oʻzining xonadonida 25 ta kompyuter oʻrnatib, 198 kun davomida noqonuniy kripto-aktivlar mayningi faoliyatini yuritib kelgani maʼlum boʻlgan. U oʻzining faoliyati davomida elektr tarmoqlari korxonasi manfaatlariga 122,4 mln soʻm zarar yetkazgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185−2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Avvalroq DXX Sirdaryoda noqonuniy mayning ferma faoliyat yuritayotganini aniqlagandi.