Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryoda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qoʻydi. Bu haqda xizmat eʼlon qilgan xabarda aytilgan.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tekshiruv oʻtkazilgan.

Tekshiruv davomida, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi masʼuliyati cheklangan jamiyat binosida noqonuniy mayning ferma faoliyat yuritayotgani maʼlum boʻlgan.

Aniqlanishicha, Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan xorijiy korxona ushbu MChJ binosini ikki yil muddatga ijaraga olgan va u yerda 1 491 komplekt mayning qurilmalari hamda 9 280 dona videokartalardan foydalangan holda mayning ferma tashkil etgan.

Xabarda aytilishicha, 2020-yilning avgust oyidan buyon $7,7 mln ga teng kriptovalyuta ishlab chiqarilgan. Buning uchun masʼuliyati cheklangan jamiyat va xorijiy korxona rahbarlari oʻzaro til biriktirib, elektr tarmogʻiga ulanish uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan tuzilgan shartnomada faoliyat turiga quyonchilik fermasi tashkil etish mazmunida soxta maʼlumotlar kiritgan.

Foydalanilgan katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda toʻlovni amalga oshirishlari oqibatida ular tomonidan davlat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, deyiladi maʼlumotda.