Markaziy Osiyo davlatlari yagona elektron tijorat platformasini yaratish niyatida.

Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyot vazirlari oʻrinbosarlarining Nur-Sultonda boʻlib oʻtgan yigʻilishida Markaziy Osiyo Amazon loyihasini yaratish muhokama qilindi, deb xabar qildi Qirgʻiziston Iqtisodiyot vazirligi matbuot xizmati.

Yigʻilishda mintaqa davlatlarining Amazon, eBay, Alibaba, AliExpress kabi global elektron tijorat platformalariga kirishi uchun saʼy-harakatlarini birlashtirish ham taklif etildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozoriga birgalikda olib chiqish masalasi muhokama qilindi.

Shuningdek, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston vakillari chegaralardagi savdo va boshqa maʼmuriy rasmiyatchiliklarni soddalashtirish boʻyicha qoʻshma yechimlar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.


Oxirgi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyaga, jumladan, savdo-sotiqqa intilmoqda. Shunday qilib, 2021-yil noyabr oyida Oʻzbekiston va Qozogʻiston eksportni jadallashtirish dasturi orqali oʻz tovarlarini eksport qilishda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.

2022-yil boshida Shavkat Mirziyoyev hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, “intellektual Ipak yoʻli” platformasini yaratishni taklif qilgan edi. Keyinroq Toshkent investforumda Investitsiyalar va tashqi savdo rahbari Sardor Umurzoqov mintaqada umumiy makon yaratish va savdo toʻsiqlarini olib tashlashga chaqirdi.

Avvalroq Spot nashri oʻzbekistonlik hunarmandlarga eBayʼda internet-doʻkon ochishda yordam berilishini yozgan edi.