Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi shakar narxi yuzasidan rasmiy maʼlumot berdi.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda ichki bozorda 1 kg shakarning oʻrtacha narxi 9 500 — 13 000 soʻm doirasida shakllanmoqda, shuningdek, ayrim savdo nuqtalarida shakar narxining 14 000 soʻmgacha koʻtarilgani kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, qoʻshni va boshqa MDH mamlakatlarida shakar narxi 52% ga (soʻm ekvivalentida qoʻshni mamlakatlarda 14 000 soʻmdan 21 000 soʻmgacha) oʻsishi bilan bir qatorda, ushbu mahsulot taqchilligi bilan bogʻliq muammo va xatarlar yuzaga kelayotgani kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, qoʻshni va boshqa MDH mamlakatlarida narxlar oshishi, oʻz navbatida, Oʻzbekiston ichki bozorida aholi va tadbirkorlar oʻrtasida ham shakar narxi boʻyicha inflyatsion kutilmalar kuchayishiga maʼlum maʼnoda taʼsir koʻrsatuvchi omillardan boʻlgan.

“Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda Oʻzbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorlikning kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qoʻshni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni boʻlmaydi”, deyiladi rasmiy izohda.

Bildirilishicha, joriy yil mamlakatda shakar ishlab chiqarish hajmi yanvar-may oylarida oʻtgan yil shu davriga nisbatan 35 ming tonna yoki 16% ga koʻproqni (224 ming tonnadan 259 ming tonnagacha oshgan), yaʼni taklif hajmi oshganligiga qaramay (birja orqali sotilgan hajm 177 ming tonnadan 186 ming tonnagacha koʻpaygan) shakar narxi, asosan, tashqi omillar taʼsirida oʻsishi kuzatilgan.

Shakar narxining oʻsishiga, birinchi navbatda, mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga yetkazib berish boʻyicha transport va logistika bilan bogʻliq muammolar hamda yonilgʻi resurslari narxlari oʻsishi taʼsir koʻrsatmoqda.

Misol uchun, bugungi kunda London birjasida shakllangan shakarning narxi ($500 dan $575 gacha) 15% ga oshgan boʻlsa, uning Oʻzbekistonga yetkazib berish xarajatlari 1 tonnasi uchun $173 dan $271 gacha yoki 57% ga oshgan.

Taxminiy hisob-kitoblarga koʻra, DAP Uzbekistan shartida Oʻzbekiston chegarasigacha yetkazib berish tayyor shakarning qiymati (bojxona va soliq toʻlovlarisiz) yil boshidagi $674 dan $840 gacha yoki 25% ga oshgan.

Anʼanaviy dengiz portlarining yopilishi hamda alternativ portlar oʻtkazuvchanlik sigʻimlari pastligi tovarlarni uzoq muddat qolib ketishi hamda saqlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni yuzaga keltirayotgani aytilgan.

Yuzaga kelgan mazkur sharoitda mintaqadagi eksportyor davlatlar hamda Hindiston tomonidan eksportga cheklovning kiritilishi kuzatilmoqda.

Rossiya hukumatining 2022-yil 14-martdagi tegishli qaroriga asosan 2022-yil 31-avgustgacha, Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vazirining 2022-yil 4-maydagi buyrugʻiga asosan 6 oy muddatga shuningdek, Hindistonda 2022-yil 25-maydan shakar eksportiga cheklov oʻrnatilgan.

Vazirlik izohida aytilishicha, respublikada esa shakar tanqisligi mavjud emas va ichki bozorni yil yakuniga qadar shakar bilan toʻyintirish boʻyicha barcha zaxiralar yaratilgan.

Jumladan, shakarga boʻlgan talabning mavsumiy oshishi sharoitida (meva-sabzavotlarni konservatsiya qilish mavsumi) narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida birja savdolariga chiqariladigan shakar hajmi joriy yil iyun oyidan boshlab 50% gacha oshiriladi. Birjadagi savdolarga qoʻyilayotgan shakar hajmi amaldagi 2 000 tonnadan 3 000 tonnagacha oshiriladi.

Joriy yilda shakar ishlab chiqarish hajmi 720 ming tonna yoki oʻtgan yilga nisbatan 22% ga koʻproqni tashkil etadi. Bunda shakar va uning xomashyosi importi hajmi oʻtgan yilgi 643 ming tonnadan 900 ming tonnagacha oshiriladi.

“Natijada, joriy yil yakuni bilan ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tayyor shakar qoldigʻi 118 ming tonnadan koʻproqni tashkil etishi kutilmoqda”, deyiladi rasmiy izohda.

Avvalroq Spot Hindiston 2016-yildan beri birinchi marta shakar eksportini cheklaganligi haqida yozgan edi.