Prezident tomonidan “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirish qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmon imzolandi.

Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat muassasasi shaklidagi kichik sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyalar kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish boʻyicha yagona direksiyalar sifatida qayta tashkil etiladi.

Ularga qoʻshimcha ravishda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini rivojlantirish ham ular hududidagi yer maydonlari, bino va inshootlarni elektron onlayn-auksionga chiqarish vazifalari yuklatildi.

Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahri maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlari tugatilib, ular vazifalari tegishincha maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga hamda yagona direksiyalarga yuklatiladi.

Hujjat bilan maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalari biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK xulosasini olish talabi bekor qilindi.

Bunda, maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etilayotgan loyihalar “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida"gi qonunda belgilangan talablarga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi.

2022-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatilmoqda, unga muvofiq:

  • sanoat zonalari hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish boʻyicha qarorlar maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari hamda yagona direksiyalar tomonidan 10 ish kunida qabul qilinadi;
  • maxsus iqtisodiy zonalar hududida auksionga chiqarilgan yer maydonlarini ijaraga berish boʻyicha auksionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham savdolar oʻtkazilgan hisoblanadi;
  • maxsus iqtisodiy zonalar hududidagi yer uchastkalarini ijaraga olish huquqi maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan kreditlar olishda garovga qoʻyilishi mumkin;
  • sanoat zonalarida yer maydonlari va bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berishda boshlangʻich narxi boʻyicha toʻlovlarni 12 oy muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi tatbiq etiladi;
  • maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bojxona imtiyozlari qoʻllanilgan holda import qilinadigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar roʻyxati boʻyicha murojaati maxsus iqtisodiy zonalar direksiyasi tomonidan murojaat kelib tushganidan boshlab yetti ish kunida tasdiqlanadi va elektron ravishda Davlat bojxona qoʻmitasiga taqdim etiladi;
  • import qilinayotgan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ushbu roʻyxatga muvofiqligi hamda har yarim yilda roʻyxatdagi tovarlar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti ustidan nazorat bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Belgilanishicha, maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha investitsiya buyurtmanomalari Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan besh kun muddatda tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari bosh rejalari tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.

Avvalroq Spot eksport, import va tranzit boʻyicha barcha sertifikat va ruxsatnomalar “Yagona darcha” orqali yuritilishi haqida yozgan edi.