“Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unga koʻra, ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida koʻrsatish amaliyoti joriy etiladi.

Farmonda muvofiq, Moliya vazirligi tarkibida Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etildi.

2022-yil 1-sentyabrdan Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi hisobidan davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha minimal isteʼmol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tugʻish nafaqalari toʻlanadi.

Bunda, xodimning ish stajida 1 oygacha boʻlgan tanaffuslar mavjud boʻlsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qoʻllaniladi.

2023-yil 1-martgacha davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlar roʻyxati shakllantiriladi.

Shuningdek, 2023-yil 1-iyulgacha kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish standartlari tasdiqlanadi.

Avvalroq ijtimoiy himoya masalasida murojaat qilish uchun Telegram bot ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.