O‘zbekistonda tomorqa ipotekasi joriy etiladi. Buni prezident Toshkentagi ipoteka markazining ochilishida ta’kidladi.

Unda aholining tomorqa uchun ipotekadan foydalana olmayotganiga e’tibor qaratilib, uni yo‘lga qo‘yish uchun mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

“Tomorqa ipotekasini joriy qilish kerak. Tomorqa ipotekasi bu xalq ipotekasi bo‘ladi”, — dedi Prezident.

Tomorqa ipotekasi kreditlashning alohida turi bo‘lib, garov sifatida yerning o‘zi qo‘yiladi.

Ipoteka markazi

Yangi ochilgan ipoteka markazi Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashdi:


Bu kabi markazlarning tashkil etilishi haqida iyul oyida ma’lum qilingandi.

Markaz ipoteka bozoridagi takliflar umumlashgan va shaffof tizimni ta’minlashga xizmat qiladi.

Yashnobodda tashkil etilgan markazda xaridorlar Toshkent shahrida qurilayotgan uylar, ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklar, ipoteka kreditlari shartlari haqida batafsil ma’lumotlar olishi mumkin.

Bundan tashqari, oldi-sotdi, garov va ipoteka krediti shartnomalarini rasmiylashtirish tartibi, uy-joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalarida ham yordamlashiladi.

Prezident markaz uy olishni istaganlarga kompleks xizmat ko‘rsatishini, shuningdek, markazning elektron platformalarini rivojlantirib, odamlarga qulaylik yaratish zarurligini ta’kidladi.

Ipoteka krediti

Shuningdek, joriy yilda ipoteka kreditlari uchun tijorat banklariga budjetdan 13 trln so‘m ajratilishi belgilanib, ammo olti oyda aholiga bu mablag‘larning 30%i berilgani ta’kidlandi.

Markaziy bank ma’lumotlari yetti oy davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 7,6 trln so‘mni tashkil etganini ko‘rsatdi.

Asosiy pul miqdorini Moliya vazirligi moliyalashtirdi — 5,7 trln so‘m.

Olti oyda ipoteka kreditlarini eng koʻp “Qishloq qurilish banki” ajratgani ma’lum bo‘ldi.

Bank ajratgan kredit qiymati 987 mlrd soʻmni tashkil etib, bank kreditlash bozorining 27,2%ini egalladi.


Avvalroq “Spot” ipoteka kreditini ajratishda tijorat banklariga qoʻyiladigan talablar yengillashtirilishi haqida yozgandi.