Joriy yilning 1-avgust holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari 4,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlarning umumiy soni 19 472 tani tashkil etadi.

Mazkur davrda eng koʻp mablagʻni “Qishloq qurilish banki” ajratgan boʻlib, 1,1 trln so‘mni tashkil etdi.

Keyingi oʻrinlarda “Ipoteka-bank” va “Oʻzmilliybank” 946 va 666 mlrd soʻm bilan joylashdi.

Eng kam koʻrsatkichni 91 mlrd soʻm bilan “Turonbank” qayd etdi.

Respublika bo‘yicha ipoteka kreditlari hisobidan sotib olinadigan uy uchun 3,7 trln so‘m ajratilgan bo‘lib, qolgan 461 mlrd so‘mi yakka tartibdagi jurar joy binolari uchun ajratilgan.

Hududlar kesimida esa ipoteka kreditlariga eng ko‘p talab Toshkent shahrida qayd etildi — 908 mlrd so‘m.

Shuningdek, kam ta’minlangan hamda uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga davlat budjetidan 416 mlrd so‘m subsidiya to‘langan.

Shundan 279 mlrd so‘mi dastlabki to‘lov uchun, qolgan 137 mlrd.i kredit foizlarini to‘lashga ajratildi.

Avvalroq Markaziy bank umumiy hisobda aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 7,6 trln so‘mga yetgani haqida ma’lum qilgandi.

Shundan 5,7 trln so‘mi Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lsa, 1,7 trln so‘mi banklarning o‘z hisobidan ajratilgan.

Qolgan 94,7 mlrd so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

Aholiga ajratilgan kreditlarning 79%i birlamchi bozordagi uylar xaridiga, qolgan 21%i esa ikkilamchi bozordagi uylarga ishlatilgan.


Avvalroq “Spot” Toshkent shahridagi uy-joy narxlarining o‘zgarishi haqida xabar bergandi.

Unga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida eski uylar narxlari 2021-yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 12%ga, yangi uylar esa 8.3%ga oshdi.