Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti Toshkent shahridagi uy-joy narxlari o‘zgarishini tahlil qildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida eski uylar narxlari 2021-yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 12%ga, yangi uylar esa 8.3%ga oshdi.

Ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi shartnomalari soni joriy yilning 7 oyi davomida qariyb 49 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli o‘zgarmadi — 48.3 ming.

Birlamchi bozordagi uylar narxi may oyida 1 m.kv. uchun $943 bo‘lgan bo‘lsa iyulda $919 ga tushdi. Ikkilamchi bozorda ham maydagi $891 dan $882 ga pastladi.

Narxlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Mirzo-Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida kuzatilmoqda. U yerdagi yangi uylarning 1 m.kv. $957, eski uylarniki esa $888 ni tashkil etmoqda.

Eng past narxlar Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatildi.

Ipoteka kreditlari

Joriy yilning 7 oyi davomida 41 441 nafar fuqaroga 7,6 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi.

Shundan, 1,7 trln so‘m miqdoridagi mablag‘ banklarning o‘z hisobidan ajratilgan bo‘lsa, asosiy pul miqdori — 5,7 trln so‘m Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirildi.

Qolgan 94,7 mlrd so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

Toshkent shahri kredit oluvchilarning eng ko‘p ulushini tashkil etdi — 2,3 trln so‘m.