O‘tgan yilning iyul oyida “O‘zbekiston shampani” kompaniyasi ustav kapitalidagi 51,48% aksiyalar paketini sotuvga qo‘ygandi.

Biroq o‘tkazilgan ochiq xususiylashtirish jarayonlarida tanlov g‘olibi aniqlanishiga qaramay, talabgor tomonidan tegishli oldi-sotdi shartnomasi imzolanmagandi.

Natijada, dastlabki savdo natijalari bekor qilinib, uni qaytadan boshlash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “O‘zbekiston shampani"ning ustav kapitalidagi 51,48% aksiyalar paketini sotish jarayonini davom ettirish rejasi e’lon qilindi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ta’kidlashicha, manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan takliflarni taqdim etishning raqobatga asoslangan jarayoni tashkil etilgan.

Talabgorlar arizalarni joriy yilning 30-sentabrigacha jo‘natishlari mumkin.

Arizalar havola orqali qabul qilinadi.

Batafsil ma’lumot bu yerda.

Kompaniya haqida

O‘zbekiston shampani” Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, 1942-yilda ishga tushirilgan.

Kompaniyaning asosiy faoliyat turi shampan va boshqa gazlangan sharob ichimliklarini ishlab chiqarish, shuningdek sharob materiallariga ishlov berishdan iborat.

Ishlab chiqarish quvvati — yiliga 788 ming dekalitr alkogolli ichimliklar.

Mahsulotlarning bir qismi Hindiston, Koreya, Mo‘g‘ulistonga eksport qilinadi.

Kompaniya o‘zining xomashyo bazasidan, shuningdek Portugaliya, Rossiya, Fransiyadan import qilinadigan xomashyolardan foydalanadi.

2021-yilda kompaniyaning sof tushumi 65,6 mlrd so‘mni, sof foydasi 2 mlrd so‘mni hamda sof aktivi 12 mlrd so‘mni tashkil etgan.