Prezident qarori bilan kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori oshiriladi.

Xususan, joriy yilning 1-oktabridan boshlab kasanachiga ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha ya’ni 3 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha oshiriladi.

Hujjat bilan, tadbirkorlar o‘rtasida har yili bir marta har birining qiymati 50 mln so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovi o‘tkaziladi.

Bunda faqat olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar ishtirok eta oladi.

Shuningdek, “Ayollar daftari"dagi kamida 5 ta ishsiz xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlar tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50% miqdorda undiriladi.

Xodimlari umumiy sonining kamida 70%i “Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlar bo‘lgan kasanachilikni tashkil etgan va imtiyoz berilgan davrda ularning bandligini saqlab qolgan tadbirkorlar davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi to‘lovidan 2027-yil 1-oktabrgacha ozod etiladi.

Har bir tuman (shahar)da xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari huzurida lider kasanachilarni jalb etgan holda “maslahat soatlari” joriy etiladi.

Hududlarda kasanachilik orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etgan tadbirkorlar o‘rtasida “Eng namunali tadbirkor” ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.