Markaziy bank joriy yilning iyul-sentabr oylarida fuqarolardan bildirilgan bank faoliyatiga oid muammo va kamchiliklar yuzasidan tushuntirish berdi.

Mazkur muddatda fuqarolardan bank faoliyatiga oid quyidagi mavzularda ijtimoiy tarmoqlar orqali xabarlar joylashtirilgan:

  • karta hisobvarag‘idan pul mablag‘i yechilgan bo‘lsa-da, bankomat naqd pul bermaganligi;
  • nafaqa pulini bank kartasi orqali olish bo‘yicha muammoga duch kelinayotganligi;
  • mobil ilova orqali o‘tkazilgan pul mablag‘i oluvchilarning karta hisob raqamiga tushmaganligi;
  • kredit to‘lovlari to‘liq to‘langan bo‘lsa-da, karta hisobvarag‘idan kredit uchun to‘lov yechilganligi;
  • bank xodimlari tomonidan fuqaro uchun notanish bo‘lgan kredit bo‘yicha kafil ekanligi to‘g‘risida qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganligi;
  • bankning mobil ilovasi orqali konvertatsiya qilingan hamda boshqa kartaga o‘tkazilgan mablag‘ ko‘rinmayotganligi;
  • kreditni muddatidan oldin so‘ndirgani uchun keshbek taqdim etilmayotganligi kabi holatlar.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar murojaatlarini sifatli va to‘liq o‘rganib chiqishda murojaatda keltirilgan vajlar batafsil tahlil etiladi hamda murojaat qiluvchi va faoliyati bo‘yicha murojaat tushgan kredit tashkilotining fikr va mulohazalari eshitiladi.

Shunga ko‘ra, murojaatlarni o‘rganib chiqish va uni hal etish ayrim vaqtlarda zaruriy muddat talab etishi mumkin.

Bunda bank xizmatlari ko‘rsatilishi borasidagi murojaatlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumotlar, agar unda bank siriga yoki shaxsga doir ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, “Bank siri to‘g‘risida"gi va “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunlarga muvofiq uchinchi shaxslarga oshkor etmagan holda murojaatchining shaxsan o‘ziga yetkaziladi.

Shu bilan birga, Markaziy bank tomonidan ijtimoiy tarmoqlardagi bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlari buzilishiga oid xabarlar muntazam ravishda monitoring qilinib, ularda ko‘tarilayotgan masalalarning hal etilishi bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, yuqoridagi kabi holatlar bo‘yicha, “Anorbank”, “Davrbank”, “Universalbank”, “Hamkorbank”, “Tenge bank”, “Xalq banki”, “Ipak yo‘li banki”, “Qishloq qurilish bank”, “Milliy bank” hamda “Kapitalbank” kabi 15ta bankga faoliyati bilan bog‘liq masalalarni o‘rganib chiqish va zaruriy choralarni ko‘rish yuzasidan 31 ta ko‘rsatma xatlar yuborilgan.

O‘rganishlar natijasida kamchiliklar bartaraf etilib, bu haqida o‘rnatilgan tartibda iste’molchilarga xabar berildi.

Shuningdek, ayrim banklar tomonidan bu to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari va saytlari orqali iste’molchilarga tegishli tushuntirishlar berilgan.

Markaziy bank tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar yuzasidan qonunda belgilangan muddatlarda tegishli choralarni ko‘rish davom ettiriladi.