“OSON” to‘lov tizimi asoschisi va bosh direktori Farhod Mahmudov kitobxonlik har bir inson hayotining muhim qismi ekanligiga ishonchi komil.

Tadbirkor oyiga bir-ikkita kitob o‘qishga harakat qiladi va avval kitob o‘qish shunchaki sevimli mashg‘ulot bo‘lganini, yosh o‘tgan sayin zaruratga aylanganini qayd etdi.

“Bugungi kunda audiokitoblar va podkastlar qulay hisoblanadi. Biroq, men qog‘oz versiyasini tanlayman, chunki sahifalarni varaqlash o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Ko‘proq biznes kitoblarni o‘qiyman, chunki keyin ularni o‘z ishimda qo‘llayman”, — deydi “OSON” rahbari.

Shu bilan birga tadbirkor motivatsion va foydali asarlarni ham mutolaa qiladi. Farhod “Marvel” komikslari va “Alisa mo‘jizalar mamlakatida"ni yaxshi ko‘radigan o‘g‘li bilan kechki payt kitob o‘qishni boshlagani haqida ham gapirib berdi.

Farzandim bilan birga “Alisa"ni qayta o‘qib, hayolan iliq bolalik davriga qaytdim. Menda bu kitob sarguzasht va o‘ziga ishonish tasavvurini berishini angladim”, deydi u.


“Uchinchi dunyodan birinchiga”, Li Kuan Yu.

Kitob meni odamlar uchun qiymat yaratishga yondashuv g‘oyasi bilan bog‘ladi. U iqtisod, siyosat va psixologiya o‘rtasidagi munosabatni ko‘rsatadi.

Umuman olganda, Singapur meni hayratga soladi, shuning uchun men uni katta qiziqish bilan o‘qidim.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochilishi bilan men bu mamlakatga qaytib uchib, Singapur mo‘jizasini nafaqat voqealarning guvohi, balki o‘zgarishlar yaratuvchisi va bosh vazir bo‘lgan Li Kuan Yu ko‘zi bilan ko‘rmoqchiman.

Men bu kitobni biznes egalariga va boshqaruv bilan shug‘ullanadigan har bir kishiga tavsiya qilaman. Umuman, uni maktab o‘quv dasturiga “iqtisod” fanidan kiritgan bo‘lardim.


“Aql uchqunlari”, Muhammad bin Rashid Al Maktum.

Men Dubay shayxining barcha asarlarini o‘qib chiqdim, negaki arab hukmdorlari yo‘lini o‘rganishni yaxshi ko‘raman.

Ushbu kitobda u mamlakat kelajagini qanday ko‘rishi, BAAga nima asos bo‘lganligi, uni hayotda qanday tamoyillar boshqarayotgani haqida batafsil gapirib beradi.

Dubay cho‘lida dunyoning eng katta mo‘jizasini qurishdagi menejmentning roli juda yaxshi ko‘rsatilgan.

Men uchun bu imkonsiz narsa yo‘qligini eslatdi. Samarali boshqaruv, ijobiy fikrlash va doimiy izlanish bilan sahroda ham haqiqiy voha qurish mumkin.

Ushbu asarni dunyoqarashni kengaytirish va motivatsiya uchun barchaga tavsiya qilaman.



“Kichkina shahzoda”, Antuan de Sent-Ekzyuperi.

Menimcha, uni o‘qigan har bir kishi yaxshi ko‘radi. Har safar men shahzodaning ba’zi iboralarini yangi rakursdan o‘rganaman, ularni tajribamdan o‘tkazaman.

Bolaligimda bu sahrodagi yolg‘iz shahzoda haqida juda qayg‘uli kitob deb o‘ylardim. Yoshim ulg‘aygach, bu hayot va inson bo‘lib qolish qanchalik muhimligi haqidagi hikoya ekanligini angladim.

Menga eng muhimi, yulduzga aylanish uchun birinchi bo‘lib yulduzlarni kashf etish va o‘zini ularning egasi deb atash muhim deb o‘ylagan ishbilarmon inson obrazining yoritib berilishi yoqadi.

Ilgari texnologiyani birinchi bo‘lib yaratsangiz, rivojlanishning egasi bo‘lasiz, deb ko‘r-ko‘rona ishonardim.

Ma’lum bo‘lishicha, siz nafaqat ustunlikka intilishingiz, balki qilayotgan har bir narsangizni qadrlashingiz kerak.

Voyaga yetganimda, asar qahramoni bilan bo‘limlarni qayta o‘qib chiqib, ishimda qanchalik xato qilganimni angladim.


“Sapiens. Insoniyatning qisqacha tarixi”, Yuval Nuh Harari.

Bu kitobni birinchi marta o‘qiy boshlaganimda, u tarixni buzyapti deb o‘yladim. Hatto uning mutolaasini tashlamoqchi ham bo‘ldim, lekin yarmini yengib o‘tib, o‘qish burchagini o‘zgartirdim, muallif taklif qilgan g‘oyaga fintech tamoyillari orqali yondashdim.

Va nihoyat, men bu insoniyat uchun eng dolzarb bestseller ekanligini angladim, chunki u ketma-ket algoritmlar nuqtai nazaridan hikoyani mukammal tarzda bayon qiladi.

Menimcha, umumiy tarixning ko‘p qismi buzib ko‘satilgan. Ushbu nashr bizga tanish bo‘lgan ko‘plab tarixiy syujetlarni yo‘q qiladi, lekin ayni paytda o‘ziga xos juda mantiqiy syujetni yaratadi.

Menimcha, bu kitob o‘quv dasturining muhim qismi bo‘lishi mumkin, chunki u tanqidiy fikrlashni o‘rgatadi.



“Moslashuvchan ong”, Kerol Dvek.

Kompaniyalar faol rivojlanayotganda, bu davrda asoschi yoki rahbar deyarli barcha resursni ishga qaratishi tabiiy.

Men “qalb uchun” ushbu adabiyotni o‘qiyman, negaki undan energiya olib, fikrlarim qayerga ketayotganini tushunishga harakat qilaman.

Men yaqinda kashf etgan, lekin hozir shaxsiy izlanishlar kontekstida menga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan kitoblardan biri bu — “Moslashuvchan ong”.

U mening iste’dodga bo‘lgan munosabatimni o‘zgartirdi, men bolalarni tarbiyalash va fikrlash ustida ishlashga bo‘lgan yondashuvimni tubdan qayta ko‘rib chiqdim.

Xulosa qilib aytganda, muallif iste’dod va muvaffaqiyat doimiy ekanligi haqidagi qolipni buzadi hamda psixika va ong haqidagi ilmiy izlanishlar misolida buning aksini isbotlaydi.


“Nima muhimligini o‘lchang”, Jon Dor.

Mening kompaniyam faol o‘sish bosqichiga kirdi, biz yangi bozorlarga chiqmoqdamiz va yangi muammolarga duch kelyapmiz.

To‘g‘risini aytsam, o‘tgan yili ma’lum bir payt qattiq charchadim, inqirozlar ko‘p bo‘ldi. Keyin men faol o‘qishga qaytdim va bu nashrni Dubayda sotib oldim. Bu kitob menejmentga bo‘lgan munosabatimni butunlay o‘zgartirdi.

“Google”, “Intel” va meni hayratga soladigan gigantlarning muvaffaqiyati omad yoki tasodifdan emas, balki tizimlar ishining natijasi ekanligini va tizimlashtirish menga moliyachi sifatida zavq bag‘ishlashini angladim.

Asarda maqsadlarni belgilash va asosiy natijalarni olish tizimi (Objectives and Key Results) batafsil tushuntirilgan.

Kitobning so‘zboshisini “Google” kompaniyasi asoschilaridan biri Larri Peyjning o‘zi yozganini ko‘rib, juda hayron bo‘ldim. Nazarimda, u buni hech qachon qilmagandi.

Uning eslatmasidan ma’lum bo‘lishicha, bu tizim kompaniyaning turli davrlarda o‘sishiga yordam bergan. Va aynan shu maqsadni belgilash protokoli doirasida ular 10 marta o‘sgan. Men bu natijadan juda qoyil qoldim.

Tizim bir nechta ustunlarga asoslangan — diqqat, izchillik, monitoring va ulkan natijalarga intilish.

Muayyan sxema bo‘yicha ushbu komponentlar kompaniyalarga inqirozlardan omon qolishga, samaradorlikni oshirishga va jamoalarni mustahkamlashga yordam beradi.

Men hozir kitobdan monitoring tizimini tatbiq etmoqdaman, dinamikani ko‘rib turibman va eng muhimi, muammolarimda bir o‘zim emasligimni va boshqa tadbirkorlarning tajribasi men uchun haqiqiy imkoniyat bo‘lishi mumkinligini his qilyapman.