Joriy yilning 28−29 sentabr kunlari Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Digital Bridge 2022” forumi davomida “Spot” Birlashgan Arab Amirliklarining “Urent” kompaniyasi asoschisi Omar Al Ashi bilan suhbat qildi.

Mazkur kompaniya avtomobil vositalarini tez va oson ijaraga berish bilan shug‘ullanib, o‘z mijozlariga bir vaqtning o‘zida smartfonlari orqali transport vositalarini muammosiz ijaraga olish, ro‘yxatdan o‘tkazish, shu bilan birga, bu orqali daromad topish imkonini beradi.

Shuningdek, an’anaviy ijara kompaniyalari va xususiy xostlarga o‘z bizneslarini “Urent” orqali onlayn o‘tkazishda yordamlashadi.

Dasturchi 23 yoshida ushbu kompaniyaga asos soladi va uni ikki yarim yil davomida ishlab chiqib, 2021-yilning fevralida ishga tushiradi.

Bugungi kunda “Urent” Birlashgan Arab Amirliklaridagi eng tez rivojlanayotgan startaplardan biri hisoblanadi. U BAAning 7 shahrida 80 ming foydalanuvchiga ega.

Suhbat davomida kompaniya rahbari qanday qilib bu loyihaning yuzaga kelgani, biznesni yuritishdagi muhim tamoyillar haqida gapirib, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish istagida ekanini ma’lum qildi.


Qiziqish va mutaxassislik uyg‘unlashgan loyiha

Men oldin katta kompaniyalarda ishlamaganman. Bu sohaga kirib kelishimga asosiy sabab mashinalarga qiziqishim bo‘lgan.

Bolaligimdan avtombillarga juda katta ishtiyoq bilan ulg‘ayganman. Sanoat muhandisi bo‘lganim va magistraturada o‘qiyotganimda ilovalar yaratish bo‘yicha tajriba orttirganim, “Urent” loyihasini boshlashimga turtki bo‘lgan.

Men bu loyiha orqali o‘z qiziqishim va mutaxassisligimni birlashtira oldim va hayot yo‘limni shu loyihada ko‘ra boshladim.

Foto: Omar Al Ashining shaxsiy arxividan

Startaplar uchun maslahatlar

2018-yil avtomobil biznesini bir o‘zim boshlaganman (hozirda 37 kishi faoliyat olib boradi) va uning ustida ikki yarim yil ishlaganman. Albatta, ma’lum bir miqdorda investitsiya ham kerak bo‘lgan.

Yaxshiyamki, yig‘ib qo‘ygan $500 ming atrofida mablag‘im bor edi. Shu jamg‘armam va “frontend” dasturlovchi bo‘lganim uchun loyiha prototipini yaratishga erishganman.

16 oylik faoliyatimiz davomida 80 ming foydalanuvchi va $2,7 mln.lik tushumga ega bo‘ldik.

Investorlarga loyihani tanishtirayotganimda mana shu omil menga katta ustunlik bergan, chunki shunchaki qog‘ozdagi g‘oyalarni emas aynan loyiha prototipini ko‘rsatganman.

Bu investorlarga qanday ko‘nikmalarga egaligimni yaxshi ko‘rsata olgan va meni boshqa talabgorlardan ajralib turishimga hissa qo‘shgan.

Qiyinchiliklarga kelsak, tadbirkor sifatida har kuni ularga duch kelasiz. Ammo, vaqt o‘tgan sari muammolarni hal qilish qobiliyatingiz o‘sib boradi. Shu bilan birga tanish orttirishni boshlaysiz. To‘siqlardan o‘tishingizda ularning ham yordami tegadi.

Boshqalarda yo‘q narsani ko‘rsating. Marketpleysni rivojlantirayotganda bozorni yaxshilab o‘rganish kerak.

Bozorda ko‘plab muvaffaqiyatga erishgan g‘oyalar bor. Biz ularni o‘z biznesimizda qo‘llashimiz mumkin.

Buni o‘zi yetarli emas, albatta. Shu bilan birga bozorni yaxshilab o‘rganib, boshqalarda yo‘q bo‘lgan afzalliklarni ham qo‘shish kerak bo‘ladi.

Loyihamni raqobatbardosh qilgan omil ham aynan shunda, deb o‘ylayman.

Oila va yaqinlar — eng yaxshi “homiy”

Marketpleys biznesi bu — ko‘chmas mulk talab qilmaydigan biznes, ya’ni siz taklif qilayotgan mahsulotga o‘zingiz egalik qilishingiz shart emas.

Shunchaki, ijaraga beruvchi va oluvchilar uchun texnologik yechim berishingiz talab qilinadi.

Bunday imkoniyati bo‘lmagan tadbirkorlar oila a’zolari va do‘stlaridan yordam so‘rashi mumkin.

Menga ham “pre-seed” — investitsiyalarni jalb qilishning dastlabki bosqichida oila a’zolarim yordam berishgan va shu orqali “seed” roundiga o‘ta olganman.

Foto: Omar Al Ashining shaxsiy arxividan

Qimmat narx — sifatli xizmat. Menimcha, rentabellikni saqlashda eng muhimi bu — to‘g‘ri narx qo‘ya olish.

Hozirgi paytda odamlar ko‘p narsa sotib olmay, pullarini yig‘moqdalar. Bu esa ijara biznesiga yaxshi ta’sir qilmoqda. Lekin, ular ham to‘layotgan pullariga yarasha yaxshi sifat xohlashadi.

Masalan, bizdagi narxlar raqobatchilarimizdan 10% qimmatroq bo‘lsa ham biz mijozlarga ancha yaxshiroq xizmatlarni taqdim etamiz.

Ushbu narx-sifat mutanosibligining bizda yaxshiroq ekanligi rentabellikni saqlashimizdagi asosiy kalitimiz, deb hisoblayman.

Loyiha O‘zbekiston bozoriga kirib keladimi. Biz hozir asosan xalqaro darajaga chiqish ustida ishlayapmiz. Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham rejamizda bor. Lekin hozir kengayishni Qozog‘istondan boshlamoqchimiz.

“Urent” yaqinda “Europcar Mobility Group” bilan ularning boʻlimiga aylanish haqidagi hamkorlik hujjatini imzoladi.