PMTI norasmiy sektorda band bo‘lgan aholining kamayish tendensiyasi bo‘yicha tahlillarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyul holatiga O‘zbekistonda jami band aholining 41,3%i norasmiy sektorda faoliyat yuritgan.

Bu ko‘rsatkich 2020-yilning birinchi yarmida 56,7%ni tashkil etgan. Natijada ularning ulushi joriy yilga kelib 15,4% punktiga kamaygan.

Hududlar bo‘yicha esa eng yuqori kamayish Xorazmda kuzatilgan — 22,7%.

Shuningdek, Andijon (22,4%), Samarqand (20,5%), Farg‘ona (16,8%) hamda Qoraqalpog‘iston (19,9%)da ham kamayish kuzatilgan.

Tahlil davrida mehnat resurslari 0,4 mln kishiga va iqtisodiy faol aholi soni 420 ming kishiga oshishiga qaramay, iqtisodiyotning norasmiy sektorida band bo‘lganlar soni deyarli 1,5 mln kishiga qisqargan.

Bunga o‘zini-o‘zi band qilishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi asosiy sabab bo‘ldi, deydi ekspertlar.

Ishsizlik darajasi 4,4%ga, norasmiy bandlik 15,4%ga kamayishi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik kuzatilgan.

Yuqoridagi ko‘rsatkichlar va hozirda qabul qilinayotgan qarorlar kelajakda norasmiy bandlik darajasining yana jadal kamayishini prognoz qilish imkonini beradi, deya ta’kidlanadi.