Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistondagi ishbilarmonlik faoliyatini tahlil qildi.

Markazning “Spot"ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida ishbilarmonlik muhitining jamlangan ko‘rsatkichi o‘tgan oyga nisbatan 1 punktga yaxshilandi va 65 punktni tashkil etdi. Natijada mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti ijobiy deb baholanmoqda.

Bunga esa qishloq xo‘jaligi va qurilishdagi ishbilarmonlik muhitining ijobiy dinamikasi ta’sir ko‘rsatgan. Bu sohalar hisobiga biznesning joriy holati ko‘rsatkichi ikki pog‘onaga yaxshilandi.

Sanoat sohasidagi ishbilarmonlik muhiti 67 punkt bilan o‘zgarishsiz qoldi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida 4 punktga kamayishi ta’til mavsumining tugashi va o‘quv yilining boshlanishi bilan izohlangan.


Ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichining tarmoqlar bo‘yicha dinamikasi

Biznesning hozirgi holatini yaxshi deb baholagan respondentlarning ulushi 50%ga, yomon deb qayd etgan respondentlarning ulushi esa 8%ga kamaydi.

Shu bilan birga, korxonalarning 24%i o‘z xodimlari sonini ko‘paytirdi va 50%i o‘z tovarlari/xizmatlariga bo‘lgan talabning o‘sishini qayd etdi.

73 punkt bilan kelgusi 3 oyda biznesni rivojlantirish istiqbollarini kutish ko‘rsatkichi yuqori darajada qoldi.

73% tadbirkor keyingi 3 oyda biznesning umumiy holati yaxshilanishini, 66%i tadbirkor esa tovarlar va xizmatlarga talabning yanada o‘sishini kutishmoqda. Yana 60%i xodimlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘sishidan umid qilayotgan tadbirkorlarning kutish ko‘rsatkichi 24%ga kamaydi.

Tahlillar tadbirkorlarning iqtisodiy rivojlanishdagi ijobiy tendensiyasi keyingi 3 oyda ham davom etishini ko‘rsatmoqda.

Respondentlarning 53%i tadbirkorlikni rivojlantirish uchun hech qanday to‘siq yo‘qligini ta’kidlashgan bo‘lsa, bir oy ichida hech qanday to‘siq yo‘qligini bildirgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlarning ulushi 19%ga oshdi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi sohasida suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni qayd etgan tadbirkorlar ulushi 2,5 barobar kamayib, 6%ni tashkil etdi.

2022-yil avgust oyida O‘zbekistondagi ishbilarmonlik faolligi indeksi 1072 birlikni tashkil etib, iyul oyiga nisbatan 7,2%ga oshgandi.

Hududlar kesimida Sirdaryo viloyatida eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan.


Avvalroq, tadbirkorlarga 16,1 trln so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgani haqida xabar berilgandi.