“Korzinka” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov Telegram kanalida Samarqandda o‘tkazilgan iqtisodiy forum bo‘yicha o‘z xulosalarini bildirdi.

Avvaliga u “forum juda samarali o‘tgani"ni qayd etdi. Tadbirkorning fikricha bu kabi forumlar dunyoda sodir bo‘layotgan jarayonlarning iqtisodiyotga ta’siri, tahlika va imkoniyatlar bo‘yicha mintaqa va xalqaro darajada o‘zaro fikr almashish imkonini beradi.

Xalqaro kompaniyalar vakillarining ishtiroki “iqtisodiy, ijtimoiy hayotga davomiy ta’sir qilishi"ga urg‘u berdi tadbirkor.

Inflyatsiya umumjahon dolzarb muammoga aylanadi

“Birinchi qo‘llardan” olgan hozirgi vaziyatga xalqaro tashkilotlar va turli hukumat mutassadilaridan tortib, chet el investorlari va mahalliy tadbirkorlar, barchasi bilan forum tadbirlari hamda birga bir suhbatlarda olgan axborot va g‘oyalar, korxonamizning hozirgi va istiqbolli strategiya va taktikasini ifodalashda juda katta dalda bo‘ladi", — deydi u.

Uning fikricha, inflyatsiya yaqin bir necha yil mobaynida nafaqat mamlakat, balki umumjahon darajasida eng dolzarb muammo va tahlika bo‘ladi.

Pandemiyadan so‘ng hali jahon iqtisodiyoti o‘zini tiklab olmagan davrda Rossiyaning Ukraina bilan boshlagan urushi, nafaqat bu mamlakatlar, balki butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

“Bunday sharoitda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini yuqori darajada ushlab turish murakkab vazifaga aylanmoqda va uni yechish uchun mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirish lozim”, deb hisoblaydi Hoshimov.

Tizimli o‘zgarishlarni boshlash kerak

Mamlakatning o‘sish sur’atlarini ushlab turish uchun esa chuqurroq tizimli o‘zgarishlar boshlash kerakligini quyidagilar misolida keltiradi:

  • xususiylashtirishni jadallashtirish;
  • iqtisodiyotdan davlat boshqaruvini chetlatish;
  • inflyatsiyaga javoban davlat xarajatlarini keskin qisqartirish;
  • xalqaro savdoni erkinlashtirish — JSTga kirishni tezlashtirish.

Yuqori inflyatsiya sharoitida chet eldan olinadigan kreditlar narxi keskin o‘sayotgani sabab, mamlakatda bank islohotlarini jadallashtirish kerak.

Shu sabab korxona va aholi mablag‘larini rivojlanishni moliyalashtirishga hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni iqtisodiyotga jalb qilish masalasi turadi.

Tadbirkor logistika va transport taqchilligi hamda iqtisodiy hamkorlarda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni hisobga olib, eksport va import bozorini diversifikatsiya qilish hamda yangi transport korridorlari va logistik yechimlarni izlash dolzarb muammoligini qayd etgan.

“Iqtisodiy o‘sishni barqarorlik tamoyillari asosida amalga oshirish, ya’ni atrof-muhit va ekologiya, huquqiy kafolotlar, ijtimoiy masalalar hamda korporativ boshqaruv andozalarini tatbiq etish va rivojlantirish orqali rejalarimizni amalga oshirishimiz zarur”, — deydi u.

Forumda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov keyingi besh yil ichida O‘zbekistonda faqat bitta davlat banki qolib, qolgan barcha banklar xususiylashtirilishini ma’lum qilgandi.