O‘zbekiston va AQSh to‘qimachilik hamda boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Vazir Jamshid Xo‘jayev 5-dekabr kuni AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik bilan shu va boshqa masalalar, jumladan, sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Xususan, tomonlar oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari eksportchilariga AQSh bozorida imtiyozli savdo rejimini taqdim etish yuzasidan ham kelishib olishdi.

Uchrashuvning yana bir mavzusi Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi bilan energetika, transport, ta’lim, tibbiyot sohalarida kelishuvlarni amalga oshirish masalalari bo‘ldi.

Ishtirokchilar bu boradagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, tomonlar Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni yuzasidan ham fikr almashdi.

Bojxona tizimini takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, intellektual mulkni himoya qilish zarurligi qayd etildi. Elchi AQSh bu jarayonda O‘zbekistonga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Noyabr oyi oxirida “Forbes” O‘zbekiston hukumati AQSh bilan savdoda qulaylik yaratishga intilayotgani haqida yozgandi.

Bu qadam Rossiyaga qarshi sanksiyalar oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasining bir qismidir.

O‘zbekiston biznesi JST a’zosi maqomini olishdan avval to‘qimachilik sohasida imtiyozli maqom olish niyatida.

Amerika tomoni paxta boykotini va unga nisbatan cheklovlarni olib tashlaganidan keyin bu yoʻnalishdagi ishlar faollashdi.


Avvalroq “Spot' O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni jadallashtirilishi haqida yozgandi.