Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sishga erishish bo‘yicha dunyo tajribasini tahlil qildi.

2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadallik bilan rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash ko‘zlangan.

Xususan, qishloq xo‘jaligini faol rivojlantirish va fan yutuqlarini qo‘llash hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda yiliga kamida 5% o‘sishni ta’minlash va shu orqali dehqon va fermerlarning daromadlarini 2 marotaba oshirish belgilangan.

Mazkur tadqiqotda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda tezlashtirilgan rivojlanishga erisha olgan 4 ta mamlakat — Chili, Janubiy Koreya, Niderlandiya va Saudiya Arabistoni misol keltirilgan.

Mamlakatlarni saralashda quyidagi mezonlar asos qilib olindi:

  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda kamida 5 yil davomida kamida 5% o‘sishga erishish;
  • qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligi kishi boshiga kamida $7806,8 ni tashkil etishi;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetarlicha keng ko‘lamda ishlab chiqarish.

Masalan, Chilida 1973-yildan so‘ng ilk bor qishloq xo‘jaligi oldida o‘ziga xos muammolar borligini tan oluvchi agrar siyosat shakllangan. Yangi siyosat shok tipidagi iqtisodiy chora-tadbirlardan voz kechdi va dehqon xo‘jaliklarini modernizatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash orqali ishlab chiqarishni asta-sekin o‘zgartirishga intildi.

Chilida agro-o‘rmonchilik mahsulotlari eksportining jadal rivojlanishiga imkon berilgan. Mamlakatda “Ishlab chiqarishning qiyosiy xarajatlari” asosida eksportga yo‘naltirilgan tarmoqlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligi amalga oshirilgan islohotlar tufayli mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotiga sezilarli darajada ko‘mak berdi:

  • mamlakatning oziq-ovqat mahsulotlari importiga jiddiy qaram bo‘lib qolish ehtimolini bartaraf etdi;
  • sanoat qabul qilish uchun tayyor bo‘lguniga qadar juda ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minladi;
  • davlat tomonidan subsidiya ajratiluvchi xaridlar orqali shahar ishchilarini arzon oziq-ovqat bilan ta’minladi;
  • koreyalik sanoatchilarning dastlabki mahsulotlari uchun kattagina ichki talabni yuzaga keltirdi.

Ko‘rib chiqilgan mamlakatlarning har biri turli yo‘llar bilan qishloq xo‘jaligining barqaror o‘sishida muvaffaqiyatga erishgan.

Shuningdek, mazkur mamlakatlarda amalga oshirilgan ishlar orasida boshqa ko‘plab mamlakatlar tajribasida o‘zini muvaffaqiyatli jihatlari bilan namoyon eta olgan quyidagi chora-tadbirlar ajratib ko‘rsatilgan:

  • savdoni liberallashtirish, xalqaro va mintaqaviy savdo bitimlariga qo‘shilish, tarif to‘siqlarini kamaytirish va boshqa proteksionistik choralar;
  • qishloq xo‘jaligida davlat rolini cheklash;
  • “ishlab chiqarishdagi qiyosiy xarajatlar” asosida an’anaviy emas, balki raqobatbardosh eksport tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash;
  • qishloq xo‘jaligi va qishloq joylarda infratuzilmani rivojlantirish;
  • qishloq xo‘jaligi kadrlarining malakasini oshirish (qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan tortib, mansabdor shaxslargacha);
  • iqlim sharoiti va qiyosiy ustunliklarni hisobga olgan holda agrar tarmoqda hududiy ixtisoslashuvni rivojlantirish va boshqalar.

O‘tkazilgan tadqiqot natijasida 4 ta mamlakatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish rivojlangan davrlar aniqlangan.

Tahlil bilan bu yerda batafsil tanishish mumkin.