Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15% darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Mazkur dinamikadan kelib chiqib shakllanadigan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani keyingi yilgi prognoz darajasiga pasaytirishga zamin yaratib borishi ta’kidlangan.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. Iste’mol bozorlarida talab va taklifga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki va tashqi iqtisodiy omillar hisobiga narxlarga bo‘lgan bosim yuqoriligicha qolmoqda.

Noyabr oyida yillik inflyatsiya sur’ati 12,3%ni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16%ga oshgan bo‘lsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 7,8%ga qimmatlashdi.

Noyabr oyi natijalariga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 15,3%ni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 14,3%ni tashkil etib, ko‘rsatkich o‘tgan oylar darajasida qolmoqda. (oktabr, sentabr, avgust natijalari).

Shuningdek, yillik bazaviy inflyatsiya noyabrda 13,4 foizgacha tezlashib, uning umumiy inflyatsiyadagi hissasi 10,1% bandgacha oshdi.

Iqtisodiyotning real sektori korxonalari o‘rtasida noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faollik indeksi 51,1 birlikni tashkil etdi.

2022-yilning yanvar-noyabr oylarida banklar tomonidan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,7%ga, xususan, uy xo‘jaliklariga 1,6 barobar ko‘p kreditlar ajratilgan.

Nafaqa va ish haqilarning oshirilishi hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlari o‘sishi savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasida pul tushumlari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,5%ga o‘sishiga omil bo‘ldi.

Umuman olganda, iqtisodiy faollikning ildamlovchi ko‘rsatkichlari taklif omillarining salbiy ta’sirini inobatga olmagan holda IV chorakda ham iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini 5,5% atrofida bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuqori noaniqlik darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, jahon bozorida asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxlarida muvozanatlashuv kuzatilayotgan bo‘lsada, ularning kelgusi dinamikasi bo‘yicha xatar va noaniqliklar mavjud.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha eksport tushumlarida ham, import uchun to‘lovlarda ham o‘suvchi tendensiyalar kuzatildi.

Eksport hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,3%ga, import — 21,2%ga va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2,2 barobarga oshdi.

Shuningdek, ushbu davrda banklarning aholidan valyuta xaridi va aholiga valyuta sotuvi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2,8 mlrd. dollarga teng bo‘ldi.

Tashqi iqtisodiy aloqalarda kuzatilayotgan ushbu vaziyat, ichki valyuta bozorini muvozanatlashtirib, milliy valyuta almashuv kursi barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi yil boshiga nisbatan 3,5%ga qadrsizlandi.

Pul-kredit sharoitlari. 2022-yil avgust-noyabr oylarida asosiy stavkaning o‘zgarishsiz qolishi hamda inflyatsiyaning kelgusi yilda kutilayotgan pasayuvchi dinamikasi iqtisodiyotda “nisbatan qat’iy” sharoitlarni ta’minlashga xizmat qildi.

Banklararo pul bozorida o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari noyabrda 14,1%ni tashkil etib, “UZONIA” indeksi kichik tebranishlar bilan to‘liq foiz koridori doirasida shakllandi.

Milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarida ham biroz pasayish kuzatilib, oktabr oyida jismoniy shaxslarniki bo‘yicha 20,7%ga va yuridik shaxslarniki — 16,7%ga teng bo‘ldi.

Depozitlar bozoridagi ijobiy real foiz stavkalari milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmining joriy yilning o‘tgan 11 oyida sezilarli darajada o‘sishining (1,6 barobar) asosiy omillaridan bo‘lmoqda.

Xatarlar va noaniqliklar. Yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq masalalar transport-logistika va tashish narxlarini oshirishi orqali tovarlar va xizmatlar narxlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Aholi daromadlarining, shu jumladan, mamlakatga pul o‘tkazmalarining yuqori o‘sish sur’atlari fonida iqtisodiyotda yalpi talab hajmidagi yuqori ijobiy sur’atlar, yalpi taklifdagi ayrim uzilishlar fonida inflyatsiyaga oshiruvchi bosim o‘tkazishi ehtimollarini yuzaga keltiradi.

O‘z o‘rnida, bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi va uning umumiy inflyatsiyadagi hissasining oshib borayotganligi ichki iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddatli xarakterga ega bo‘lib borayotganligini bildiradi.

Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib boriladi.

Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yig‘ilishi 2023-yil 26-yanvar kuniga belgilangan.