Markaziy bank sentabr oyi uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, aholining kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha inflyatsion kutilmalari pasayuvchi dinamikani saqlab qoldi — 15,2%.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan avgust oyi natijalariga ko‘ra 0,1%, iyuldagi natijadan esa 0,4% kam.

Sentabr oyida aholining ko‘pchilik qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12% atrofida bo‘lishini kutishmoqda.

Kelgusi davrda narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (42%), valyuta kursining qadrsizlanishi (42%) hamda narxlarning sun’iy oshirilishi (31%) ko‘rsatilgan.

Shuningdek, turar joy hamda ijara to‘lovlarining oshishini ko‘rsatgan aholi vakillarining ulushi o‘tgan oyga nisbatan 15%dan 18%ga oshgan.

Tadbirkorlarning kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha inflyatsion kutilmalari ham pasayib (0,3%), o‘tgan oyga nisbatan 13,8%ni tashkil etdi.

Tadbirkorlarning aksariyat qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12% atrofida bo‘lishini kutishmoqda.

Bir yildan so‘ng inflyatsiya 6−8% doirasida bo‘lishini kutayotgan biznes vakillarining ulushi esa ortib bormoqda.

Tadbirkorlar keyingi 12 oyda narxlar oshishiga yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlarining narxlari qimmatlashishi (35%) hamda ish haqi va nafaqalarning oshishi (23%) kabi omillar ta’sir qilishi mumkin deb hisoblashmoqda.

Shuningdek, kelgusida narxlar oshishiga xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi hamda import qilishdagi tarif va notarif cheklovlarning saqlanib qolinishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi pasaymoqda.

Avvalroq joriy yilning sentabr oyida iste’mol bozorida inflyatsiya darajasi 1%ni tashkil etgani xabar berilgandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,2%ni tashkil etgan.

2022-yilning sentabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi.