Joriy yilning sentabr oyida iste’mol bozorida inflyatsiya darajasi 1%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

2022-yilning yanvar-sentabr oyida iste’mol bozorida narxlarning o‘sish sur’ati 8,1% ga yetib, o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati esa 0,9%ni tashkil etdi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,2%ni tashkil etdi.

2022-yilning sentabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu davrda ularning narxlari o‘rtacha 1,4% ga oshdi. Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,7%ga, xizmatlar narxlari esa oy davomida 0,4% ga oshgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi — 10,%.

Ular narxlarining 2022-yil yanvar-sentabr oyidagi o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 1,1%ni tashkil etdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari mazkur davrda 7,9%ga oshdi hamda o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 0,9%ni tashkil etdi.

Xizmatlar narxlarining o‘sish sur’ati joriy yilning yanvar-sentabrida 4,8%ga yetdi va o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati 0,5%ni tashkil etdi.

Avgust holatiga oylik inflyatsiya 0,5%ni tashkil etib, yillik ko‘rsatkich esa 12,3%ga yetgandi.

Asosiy o‘sish ko‘rsatkichlari oziq-ovqatlar (3,6%), un (1,2%), go‘sht (1,2%), shakar (1,2%), sut (0,8%), paxta yog‘i (0,6%) va sariyog‘ (0,6%) narxlarida kuzatilgan.

Shuningdek, yil boshida oylik inflyatsiya 0,9%ni tashkil etib, narxlar va tariflar oʻsishida yetakchi oʻrinlarni oziq-ovqat mahsulotlari egallab, narxlari oʻrtacha 1,3% ga oshgan.