Moliya vazirligi yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish hamda bojxona imtiyozlarini qo‘llash tartibiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i

Unga ko‘ra, soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi, shuningdek soliq hisobotini taqdim etish muddatlari saqlab qolinmoqda.

2023-yildan boshlab soliq stavkasi 15%dan 12%gacha pasaytirilmoqda. Buni davlat rahbari 2022-yilning avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlagandi.

Qoplanadigan (qaytariladigan) qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining asosliligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddatlari 60 kundan 30 kungacha qisqartirilmoqda.

2023-yilning 1-aprelidan boshlab quyidagilar bo‘yicha berilgan imtiyozlar:

  • budjet mablag‘lari hisobidan har yillik mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari doirasida ko‘rsatiladigan geologiya xizmatlari bo‘yicha aylanma;
  • pochta markalari, markali otkritkalar, konvertlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
  • budjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.

Shuningdek, 2023-yilning 1-iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘riqlash bo‘linmalari xizmatlari bo‘yicha taqdim etilgan imtiyozlar ham bekor qilinadi.

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasida hisobda turadigan soliq to‘lovchilarga tovarlarni import qilish chog‘ida QQS to‘lovi hisobiga budjetdan qoplanishi lozim bo‘lgan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish huquqi berildi.

Aksiz solig‘i

Soliq to‘lovchilarning toifasi, shuningdek soliq hisobotini taqdim etish va soliqni to‘lash muddatlari saqlab qolinmoqda.

2023-yilning 1-fevralidan boshlab neft mahsulotlari hamda ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlari bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari 10%ga indeksatsiya qilinmoqda.

1-yanvardan alkogol mahsulotlarini (kuchsiz alkogolli ichimliklar bundan mustasno) ishlab chiqarishda aksiz solig‘i aksiz to‘lanadigan mahsulot tarkibidagi etil spirtining ulushidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Bunda ishlab chiqariladigan alkogol mahsulotining o‘lchov birligi “litr” deb belgilandi.

2023-yildan boshlab oziq-ovqat xom ashyosidan rektifikatsiyalangan etil spirti, efiraldegidli fraksiyadan texnik rektifikatsiyalangan etil spirti va asosiy fraksiyadan etil spirtiga aksiz solig‘i stavkasi 5 baravarga oshiriladi va 1 litr uchun 7 450 so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, 2023-yildan alkogol va tamaki mahsulotlarini import qilishda aksiz solig‘i stavkalari 5%ga pasaytirildi.

Foyda solig‘i

Soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqning stavkalari, soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi saqlab qolinmoqda.

2022-yil 1-noyabrdan boshlab tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan foydaga, eksportdan olingan daromadning jami daromaddagi ulushidan qat’iy nazar, 0% miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinishi lozim.

Bunda 2023-yil 1-yanvardan boshlab doimiy muassasalar orqali O‘zbekistonda faoliyatni amalga oshiruvchi norezidentlarga xizmatlar ko‘rsatishdan olingan foyda bo‘yicha 0% miqdoridagi soliq stavkasi qo‘llanilmaydi.

Quyidagi toifadagi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i stavkasini 50%ga pasaytirish huquqi beriladi:

  • 2022-yilning 1-sentyabridan keyin birinchi marta foyda solig‘ini to‘lashga o‘tgan aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarga — soliq to‘lovchi soliq to‘lashga o‘tgan yildan keyingi bitta soliq davri davomida, pasaytirilgan soliq stavkasi qo‘llanadigan davrida jami daromad 10 mlrd so‘mdan oshmagan bo‘lsa;
  • 2022-yilning 1-sentyabridan keyin joriy soliq davri davomida jami daromadi birinchi marta 10 mlrd so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilarga — pasaytirilgan soliq stavkasi qo‘llanadigan soliq davrlarida jami daromad 100 mlrd so‘mdan oshmagan bo‘lsa, joriy soliq davri va keyingi soliq davri davomida.

2023-yilning 1-yanvaridan boshlab norezidentning montaj qilish va (yoki) ishga tushirish-sozlash xizmatlari va boshqa shunga o‘xshash xizmatlarni ko‘rsatishini nazarda tutuvchi asbob-uskunalarni sotib olish (sotish) uchun tashqi savdo kontrakti doirasida, ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati alohida ko‘rsatilmasa, u holda norezidentning soliq solinadigan daromadi bunday xizmatlarning bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlanadi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha

1. Soliq to‘lovchilarning toifasi, soliqlarning stavkalari, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash (shu jumladan, shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga 0,1% o‘tkazish) tartibi saqlab qolinmoqda.

2. Jismoniy shaxslar o‘z daromadlarini ipoteka kreditlarini so‘ndirishga yo‘naltirganda, bir vaqtning o‘zida turar joy qiymati (bugungi kunga kelib 300 mln so‘m) bo‘yicha talabni bekor qilgan holda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq solinmaydigan daromad summasi 15 mln so‘mdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha (yoki 73,6 mln so‘m) oshirilmoqda.

3. 2023-yilning 1-aprelidan boshlab jismoniy shaxslarning hayotini uzoq muddatga sug‘urtalash haqini to‘lashga yo‘naltiriladigan jismoniy shaxslarning daromadlari
qismida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinmoqda.

4. Qat’iy belgilangan miqdorlarda soliqni to‘lovchi jismoniy shaxslar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 10%ga indeksatsiya qilinmoqda.

5. Keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay belgilanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha yillik soliq hisobotini taqdim etish muddatlariga o‘zgartirish kiritildi.

2022-yil yakunlariga ko‘ra yillik soliq hisobotini 2023-yilning 15-fevralidan kechiktirmay taqdim etish zarur.

6. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadida jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari 10%ga indeksatsiya qilinmoqda.

Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha

1. 2023-yilda quyidagilar saqlab qolinmoqda:

  • soliq bazasini, shuningdek 1 kv.m uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymat miqdorlarini belgilash tartibi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarining ko‘chmas mulk obyektlarining belgilangan eng kam qiymatiga, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, 0,5 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi koeffitsiyentni belgilash huquqi;
  • soliq bazasiga nisbatan 1,5% miqdoridagi soliq stavkasi.

2. Soliq kodeksining 415-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha belgilangan pasaytirilgan soliq stavkasini bazaviy soliq stavkasiga, 2023-yilda uni 0,5%dan 0,6%gacha oshirish yo‘li bilan, bosqichma-bosqich yetkazish davom ettiriladi. Yuridik shaxslar uchun pasaytirilgan soliq stavkasi 2020-yildan boshlab ilgari soliq imtiyozlari berilgan obyektlar bo‘yicha joriy etilgan edi.

3. 2022-yilning 1-iyulidan boshlab qonunchilikda yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning oshirilgan stavkalarini belgilash yo‘li bilan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan obyektlarga soliq solish tartibi bekor qilindi.

4. Soliq hisobotini taqdim etish va soliqni (bo‘nak to‘lovlarini) to‘lash muddatlariga o‘zgartirish kiritildi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha

2022-yilda amal qilgan soliq stavkalari Soliq kodeksining 422-moddasi birinchi qismi 1−3-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha o‘rtacha 10%ga indeksatsiya qilinmoqda. 2018-yilda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan belgilangan jismoniy shaxslar uchun soliq solish obyektlarining kadastr qiymati miqdori (soliq bazasi) saqlanib qolishi shuni taqozo etdi.

2023-yilda turar joy fondi obyektlariga (shu jumladan, ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan mashina turar joylariga) ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliq
summasini o‘tgan yildagiga nisbatan oshirishga cheklov qo‘llash amaliyoti saqlab qolinmoqda.

Xususan, 2023-yilda 2018-yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblab chiqarilgan soliq summasi 2022-yil uchun hisoblangan soliq summasidan
1,3 baravardan ortiq miqdorda oshishi mumkin emas.

Bunda 2023-yildan boshlab yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlari qismida jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasini o‘tgan yildagiga nisbatan cheklashni qo‘llash amaliyoti bekor qilinadi.

Yer solig‘i

Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ini hisoblab chiqarish tartibi, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatiga nisbatan 0,95% miqdorida belgilangan soliq stavkasi saqlab qolinmoqda.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun 2022-yilda amalda bo‘lgan yer solig‘ining bazaviy stavkalari o‘rtacha 10%ga indeksatsiya qilinmoqda. Bunda soliq stavkalarining aniq miqdorini mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bazaviy stavkalar asosida, tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda aniqlash tartibi saqlab qolinadi.

2023-yilda uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlari egallagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliq summasini o‘tgan yildagiga nisbatan oshirishga cheklov qo‘llash amaliyoti saqlab qolinmoqda.

Xususan, soliq yukining keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, 2023-yilda soliq summasi 2022-yilda hisoblangan soliq summasidan 1,3 baravardan ortiq miqdorda oshmasligi lozim.

2023-yilda Soliq kodeksining 429-moddasida nazarda tutilgan yuridik shaxslarning alohida obyektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun soliq stavkalariga nisbatan qo‘llaniladigan pasaytiruvchi koeffitsiyentni 0,25 dan 0,3 gacha oshirish yo‘li bilan yuridik shaxslar uchun pasaytirilgan soliq stavkasini bazaviy soliq stavkasiga bosqichma-bosqich yetkazish davom ettiriladi.

Soliq kodeksining 429-moddasi oltinchi qismi ikkinchi-beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha pasaytiruvchi koeffitsiyentlar respublikaning har bir tumani va shahari bo‘yicha o‘rtacha belgilangan soliq stavkasiga nisbatan qo‘llaniladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga soliq solishning teng sharoitlarini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga nisbatan dehqon xo‘jaliklari uchun nazarda tutilgan yer solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi tatbiq etiladi.

2022-yilning 1-iyulidan boshlab qonun hujjatlari bilan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini belgilash yo‘li bilan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan obyektlarga soliq solish tartibi bekor qilingan.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etish va soliqni to‘lash muddatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.

Suv resurslaridan foydalanganlik uchun

Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi saqlab qolinmoqda.

Quyidagilarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lash joriy etiladi:

  • tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun mo‘ljallangan noturar joy maqsadidagi ko‘chmas mulk obyektlariga yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan
    soliq stavkalari bo‘yicha;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga dehqon xo‘jaliklari uchun belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha.

Mazkur norma yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar tomonidan noturar joy binolarida tadbirkorlik faoliyati uchun, shuningdek qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun dehqon xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan suv resurslariga soliq solishning teng sharoitlarini yaratish maqsadida joriy etilgan.

Soliq to‘lovchilarning ushbu toifasi bo‘yicha soliq soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladi. 2022-yilda amalda bo‘lgan soliq stavkalari o‘rtacha 10%ga indeksatsiya qilinmoqda.

Yuridik shaxslar (qishloq xo‘jaligi korxonalari bundan mustasno) uchun soliq hisobotini taqdim etish, u hisobot beriladigan soliq davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay belgilanadi. Soliq davri uchun soliq, bo‘nak to‘lovlarini hisobga olgan holda, xuddi shu muddatda to‘liq to‘lanadi.

Soliq organlari tomonidan soliqni to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov xabarnomasini topshirish, u soliq davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay belgilanadi.

Qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun soliq to‘lashning 2 ta muddati belgilanadi:

  • 1-oktabrga qadar — qishloq xo‘jaligi korxonasi o‘tgan soliq davrida qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq ko‘paytirish (yetishtirish) uchun foydalanadigan suv hajmi asosida soliq organlari tomonidan aniqlangan yillik soliq summasining 70%i. Bunda qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan o‘tgan soliq davrida foydalanilgan suv hajmi to‘g‘risidagi ma’lumot mavjud bo‘lmaganda soliq summasi
    suvdan foydalanish va suvni iste’mol qilish sohasidagi vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan suv iste’moli normativlari bo‘yicha aniqlanadi;
  • 15-dekabrga qadar — soliqning qolgan summasi.

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun

Qora, qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallar, shuningdek nodir elementlar va nodir yer elementlari (keyingi o‘rinlarda — metallar) bo‘yicha joriy etilayotgan tartibga muvofiq:

  • qazib olingan (ajratib olingan) metallarni haqiqatda realizatsiya qilish hajmi soliq solish obyekti hisoblanadi;
  • qazib olingan (ajratib olingan) metallarni haqiqatda realizatsiya qilish hajmi soliq bazasi hisoblanadi.

Gaz kondensati bo‘yicha soliq bazasi tabiiy gaz va neft uchun nazarda tutilgan tartibga aynan o‘xshash tarzda aniqlanadi.

“Netback” mexanizmi qo‘llaniladigan metallar va uglevodorodlar bo‘yicha fiskal perimetriga aniqlik kiritilmoqda.

Bunda foydali qazilmalarning ushbu turlari bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda qazib olingan foydali qazilmalarni tashish va (yoki) qayta ishlash, shu jumladan qaytarish sharti bilan ularga qayta ishlov berish bilan bog‘liq xarajatlar summasi soliq to‘lovchi tomonidan soliq organlari bilan birgalikda aniqlanadi.

Mazkur xarajatlar summasiga kalendar yil yakunlari bo‘yicha shunga o‘xshash tartibda tuzatish kiritilishi mumkin.

Temir bo‘yicha soliq stavkasi 5%dan 2%ga pasaytirildi.

Aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha

Aylanmadan olinadigan soliq stavkalari soliq to‘lovchilarning barcha toifalari uchun 4% miqdoridagi yagona stavkani belgilagan holda bir xillashtirilmoqda.

Bunda borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlarda joylashgan korxonalar uchun pasaytirilgan soliq stavkalari 1% miqdorida, boshqa aholi punktlarida joylashgan korxonalar uchun — 2% miqdorida (shu jumladan, elektron tijorat) va aholisi soni yuz ming nafar va undan ko‘p kishidan iborat shaharlarda — 3% miqdorida saqlab qolindi.

2023-yildan boshlab aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar ixtiyoriy asosda qat’iy belgilangan miqdorda soliq to‘lashni tanlashga haqli.

Bunda jami daromad summasi 500 mln so‘mdan oshmaganda yiliga 20 mln so‘m qat’iy belgilangan miqdordagi soliqni, jami daromad summasi 500 mln so‘mdan oshganda esa yiliga 30 mln so‘m to‘lashni tanlash huquqi berilmoqda.

Qat’iy belgilangan summadagi soliq teng ulushlarda har oyda, kalendar oydan keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmay to‘lanadi.

Mazkur soliqni to‘lashga o‘tish uchun soliq to‘lovchi soliq hisobiga qo‘yilgan joydagi soliq organiga keyingi oy boshlanishidan 10 kun oldin xabarnoma yuborishi zarur.

Birinchi marta qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashga o‘tayotgan soliq to‘lovchilar soliq organlariga xabarnomani 2023-yilning 25-yanvaridan kechiktirmay taqdim etishga haqli.

Soliq davri mobaynida qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashga o‘tishda, soliq miqdori qat’iy belgilangan summani 12 ga bo‘lish va olingan natijani joriy soliq davri oxirigacha qolgan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Soliq davri mobaynida qat’iy belgilangan summada soliq to‘lovchining jami daromadi 500 mln so‘mdan oshgan taqdirda, qat’iy belgilangan summadagi soliq summasi u oshgan oydan boshlab joriy soliq davri oxirigacha, 500 mln so‘mdan ortiq jami daromadga ega soliq to‘lovchilar uchun belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda qayta hisoblanadi.

Soliq davri mobaynida qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashdan qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tishda qat’iy belgilangan summadagi soliq ushbu soliqlarga o‘tilgan oxirgi kalendar oyni hisobga olgan holda to‘lanishi lozim.

Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilarga qat’iy belgilangan miqdorda to‘lanadigan dividendlarga foyda solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad
solig‘i solinmaydi.

Bunda ixtiyoriy yoki majburiy tartibda QQS to‘lashga o‘tishda bunday soliq to‘lovchilarga QQS bilan xarid qilingan tovarlar qoldiqlari bo‘yicha QQSni hisobga olish huquqi berilmaydi.

Soliq davri mobaynida jami daromadi 1 mlrd so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilar, shu jumladan yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar va yangi ro‘yxatdan o‘tkazilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar jami daromadning ko‘rsatilgan miqdoriga yetgan kundan e’tiboran qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadilar.

Boshqa o‘zgartirishlar

2023-yilning 1-aprelidan boshlab ustav fondida (ustav kapitalida) chet el investitsiyalari ulushi kamida 33% bo‘lgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun bojxona hududiga olib kiriladigan mol-mulk bo‘yicha bojxona bojidan mavjud imtiyozlar bekor qilinmoqda, agar 2023-yilga qadar xorijiy investor hamda investitsiyalar va investitsiyafaoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasida vakolatli davlat organi o‘rtasida tuzilgan investitsiya shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan asosiy vositalar va boshqa mol-mulkning saqlanishi uchun soliq qarzi undiruvini soliq qarzi mavjud soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish muddati 30 kundan 60 kungacha uzaytirilmoqda.

Jami daromadi 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lovchilarga soliq qarzini 6 oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash haqida xabardor qilish huquqi berilmoqda (bundan ustav fondida (ustav kapitalida) 50% va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, yer qa’ridan foydalanuvchilar va aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar mustasno).

Bunda foizlarni to‘lamasdan bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati kalendar yil davomida bir marta taqdim etiladi.

O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan ayrim tovarlar bo‘yicha bojxona bojining nol darajali stavkasini qo‘llashning amal qilish muddati 2024-yilga qadar uzaytirilmoqda.

Tugatilayotgan yuridik shaxs tomonidan ortiqcha to‘langan yoki undan ortiqcha undirilgan soliqlar (penyalar, jarimalar) summalari soliq organi tomonidan boshqa soliqlar bo‘yicha soliq qarzini so‘ndirish hisobiga hisobga olinishi lozim.

Budjet tashkilotlariga tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha taqdim etilgan soliq imtiyozlari 2024-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirilmoqda.

2023-yil uchun ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning eng yuqori stavkalari hamda xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlar stavkalarining miqdorlari 2022-yil darajasida saqlab qolinmoqda.