Korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi

Prezident boshchiligida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ayrim tashabbuslarni bildirdi.

Korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuv belgilandi.

Bunda, korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Bular:

  • 1 milliard so‘mgacha bo‘lgani — mikro biznes;
  • 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani — kichik biznes;
  • 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiradi.

Yagona 4%li soliq stavkasi joriy etiladi

2023-yildan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4%dan 25%gacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4%li soliq stavkasi joriy etiladi.

Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2%li stavkalar saqlab qolinadi.

Yoki, ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20−30 mln so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.

Ikkinchi toifa, ya’ni aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi.

“Ushbu imkoniyatlar 370 ming tadbirkorga yengilliklar yaratadi va ularga juda katta stimul beradi”, dedi davlat rahbari.

O‘rta korxonalar soni oshiriladi

O‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Buning uchun, 2023 yildan boshlab kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi.

Shuningdek, mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi hamda soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi.

Davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi.

QQS stavkisi 12%ga tushiriladi

2023-yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12%ga tushiriladi.

“Ochiq aytishim kerak, „iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to‘liq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik“, deb taklif berganlar ham bo‘ldi. Lekin sizlarni ishontirib aytaman, biz islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz”, — dedi prezident.

Tadbirkorlarning 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechiladi

“Tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?”, — deya tadbirkorlarga murojaat qildi davlat rahbari.

Avval oshirib hisoblangan soliqlar bo‘yicha 19 ming tadbirkordan murojaatlar kelgani ma’lum bo‘ldi.

Kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m

Prezident tomonidan yana tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish tashabbusi ilgari surildi.

Bu borada kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.

Prezident shunigdek, kredit berish masalaning faqatgina bir tomoni ekani, biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerakligini qayd etdi.

Shu sababli, eng avvalo, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etiladi.

Ta’kidlanishicha, tadbirkorlarning 16%iga garov yetishmasligidan ularga kredit berish rad etilgan.

Shu bois Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan kafillik berish imkoniyati qo‘shimcha 2 barobarga oshiriladi.

“Hozir 10 trln bo‘lsa, endi 20 trln qilamiz. Natijada kamida 15 ming nafar tadbirkorning kredit olishdagi garov masalasi hal bo‘ladi”, deya ta’kidladi prezident.

Tadbirkorlarning mulk huquqini himoya qilish

Bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Ya’ni, huquq beruvchi hujjatni faqat sud haqiqiy emas, deb topishi mumkin bo‘ladi.

“Fursatdan foydalanib, barcha hokimlarning e’tiborini bir masalaga qaratmoqchiman — mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunigdek, tergov jarayonida tadbirkorlarning mol-mulkini xatlab qo‘yish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

Misol uchun, o‘tgan 3 yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarardan ikki barobar ko‘p mol-mulk xatlangan (1,5 trln so‘m).

“Endi, har bir xatlovning asosli ekani sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, qarorni faqat sud qabul qiladi. O‘ylaymanki, shundagina adolat bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Yo‘l qo‘ygan xato uchun jazodan ozod bo‘lish

Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi.

Shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydi.

Savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadi.

Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi.

Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi.

Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning to‘layotgan solig‘idan oshib ketmasligi kerakligi qo‘shimcha qilindi.

“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvoni ta’sis etiladi

Boshqa sohalar kabi tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan soha vakillari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvonini ta’sis etishni taklif qildi.

“Ko‘p ish o‘rinlari yaratgan, biznesning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, o‘z sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan va el-yurt orasida obro‘ topgan biznes vakillarini munosib e’tirof etish uchun „O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor“ faxriy unvonini ta’sis etishni taklif qilaman”, — dedi prezident.

Savdo-sanoat palatasi hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi

Unga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi va uning xududiy bo‘linmalarining faoliyati tubdan o‘zgartiriladi.

Bundan buyon ularga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • tuman, shahar tadbirkorlarini birlashtirib, ularni qiynayotgan muammo va masalalarni aniqlash bilan amalda shug‘ullanadi;
  • har bir tuman va shaharda ilg‘or metodikalar asosida biznesga o‘qitish maktablarini tashkil qiladi;
  • hokim va boshqa hududiy rahbarlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatiga ega bo‘ladi;
  • mahalliy Kengash va hokimlar bilan har oy kamida ikki marta tanqidiy muhokamalarni o‘tkazadi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasining o‘ziga ham hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan masala kiritish hamda tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish vakolatlari beriladi.

Jamoatchilik kengashi tuziladi

Yuqorida aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladi.

Prezident Administratsiyasi rahbariga ikki hafta muddatda ushbu kengash ishini tashkil qilish topshirildi.