2022-yilda tadbirkorlardan Biznes-ombudsmanga jami 9 850 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda Biznes-ombudsman axborot xizmati ma’lum qildi.

Shundan 4 319 ta holatda (48%) tadbirkorning huquqlari tiklanib, qolgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi.

Murojaatlar asosan 18 soliq (18%), yer, kadastr va arxitektura (14%), bank, kredit (14%) hamda infratuzilma (9%) kabi masalalar bo‘yicha bildirilgan.

Tadbirkorlarga nisbatan sodir etilgan 20 928 ta qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 2 126 nafar mansabdor va mas’ullarga nisbatan 5,1 mlrd so‘m jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, tadbirkorlar manfaatlarida 51,3 mlrd so‘mlik da’volar kiritilgan.

Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarning 797 tasi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, 675 tasi tadbirkorlar faoliyatini tekshirish, 414 tasi davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun hujjatlarini buzish va boshqa (240ta) holatlarga to‘g‘ri keladi.

Hududular kesimida eng ko‘p huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha Namangan (243 ta), Samarqand (205 ta), Toshkent shahri (189 ta) va Qashqadaryo (183 ta) yetakchi.

Noqonuniy qabul qilingan 198 ta qaror va hujjat bekor qilinib, 123 nafar mas’ul shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi hamda tadbirkorlarning 436 gektar yer maydoniga bo‘lgan mulk huquqlari tiklandi.

Avvalroq, Hukumat qarori bilan tadbirkorlarning qonunni buzish xavfi darajasidan kelib chiqib, “xavfni tahlil etish” tizimiga qo‘yiladigan minimal talablar tasdiqlangandi.

Bunda nazorat qiluvchi organlar teksgiruvni tashabbus qiluvchi mazkur tizimni ishlab chiqishi belgilangan.