O‘zbekistonda 2023-yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i 15%dan 12%ga tushirilishi belgilangandi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari QQS 15%dan 12%ga tushirilishini iste’mol tovarlari narxlar darajasiga ta’sirini o‘rgandi.

Tahlil uchun QQS to‘lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli milliy supermarketlar narxlari asos qilib olindi.

Jumladan, 97 turdagi 3754 ta iste’mol tovarlari bo‘yicha to‘rt oylik statistika data-scraping yo‘li bilan yuklab olindi.

Har bir tovar turi bo‘yicha dekabr va yanvar oylarida narxlar o‘rtasidagi o’zgarish (treatment group) noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishi (control group) bilan solishtirildi.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, QQS 15%dan 12%ga tushirilishi narxlarning tegishli ravishga tushishiga olib kelmagan.

Jumladan, dekabr-yanvar oylaridagi narxlardagi o‘zgarish noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi naxlar o‘zgarishiga nisbatan 0,3% bandga ko‘p bo‘lgan.

Bu degani boshqa barcha omillar ta’sir kuchini to‘xtatib turilgan taqdirda ham 2,6%ga (1,12/1,15*100%-100%) tushishi kerak bo‘lgan narxlar 0,3%ga oshgan.

Xususan, 46 ta guruh bo‘yicha 1115 ta tovar narxi o‘zgarmagan (bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi maxsulotlari va boshqalar).

20 ta guruh bo‘yicha 1306 ta tovar narxi 1%gacha oshgan (shokolad, shirinlik, gigiyena maxsulotlari va boshqalar).

12 ta guruh o‘yicha 585 ta tovar narxi 1−5%ga oshgan (kir yuvish kukunlari, meva, o‘sht maxsulotlari, sut va boshqalar). 7 ta guruh bo‘yicha 567 ta tovar narxi (1,6%gacha) pasaygan (kanselyariya tovarlari, souslar, kofe va boshqalar).


Avvalroq Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017−2022 yillarda O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilgandi.