Rossiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat organlari migratsiya bo‘yicha hukumatlararo kelishuvlarni tayyorlash ustida ishlamoqda. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining Mehnat migratsiyasi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish departamenti direktori Oltinay Omurbekova ma’lum qildi.

Oltinay Omurbekovaning ta’kidlashicha, hujjatlarni imzolashning aniq sanasi hozircha noma’lum.

“Gap Rossiyaga ishlashga ketayotgan odamlar uchun, kelishdan oldin qandaydir tayyorgarlik ko‘rishdir. Ular uchun u yerda qonunchilik talablari, madaniy moslashuv masalalari bo‘yicha ma’lumotlar tashkil qilinadi, balki til kurslari tashkil etiladi”, — dedi Oltinay Omurbekova “RIA Novosti” muxbiriga.

10-fevral kuni Rossiya TIVning MDH davlatlari uchinchi departamenti direktori Aleksandr Sternik Rossiya 2023-yilda migratsiya bo‘yicha kelishuv imzolashni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi.

“O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda migratsiyadan oldingi o‘quv markazlarini ochish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — deydi Aleksandr Sternik.

Markazlarda Rossiyaga kirishni xohlovchilarga bir qator xizmatlar, xususan, ro‘yxatdan o‘tish ko‘rsatilishi rejalashtirilmoqda.

“FinExpertiz” tomonidan tahlil qilingan Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda Rossiyaga 3,47 mln chet el fuqarosi kirgan.

Shundan 377 ming nafari O‘zbekiston, 336 ming Tojikiston, 84 ming kishi Qirg‘iziston fuqarolari hisoblanadi.


Avvalroq “Spot” 2022-yilda 1,45 mln o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlash uchun borganligi haqida yozgandi.

Keyingi o‘rinlarda Tojikiston (986,7 ming kishi) va Qirg‘iziston (562,6 ming kishi) fuqarolari mazkur mamlakatga kelish maqsadi sifatida ishlashni ko‘rsatgan.