O‘tgan yili Rossiyaga ishlash maqsadida kelgan xorijiy fuqarolar soni 3,47 mln kishini tashkil etdi, deya xabar beradi “Finexpertiza” audit va konsalting tarmog‘i tahliliy xizmatining “TACC” nashriga taqdim etgan tadqiqotida.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari mamlakatga kelgan barcha mehnat muhojirlari orasida yetakchi bo‘ldi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 13 mln xorijlik Rossiya chegarasini kesib o‘tib, ulardan 3,47 mln kishi yoki 26,6%i o‘z kelish maqsadi sifatida ishlashni ko‘rsatgan.

Tahliliy xizmat materiallaridan maʼlum boʻlishicha, 2022-yilda Oʻzbekiston va Tojikistondan mehnat muhojirlari oqimi sezilarli darajada oshgan.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Vetnam, Moldova, Turkiya, Turkmaniston va Xitoydan kelgan ishchilar soni ham oshdi.

Biroq Armaniston, Ukraina, Serbiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, AQSh, Chexiya, Avstriya va Niderlandiya fuqarolari Rossiyaga kamroq kela boshladi.

“2022-yilda Rossiyaga ishlash uchun kelgan barcha xorijliklar orasida eng katta ulush O‘zbekiston fuqaroligiga ega (41,9% yoki 1,45 mln kishi), chorak qismidan ko‘prog‘i Tojikiston fuqarolari (28,4% yoki 986,7 ming kishi), uchinchi oʻrinda Qirgʻizistondan kelgan muhojirlar (16,2% yoki 562,6 ming kishi)”, — deya xabar beradi “Finexpertiza”.

Bundan tashqari, Armaniston, Qozog‘iston va Ozarbayjon ham salmoqli ulushga ega. Turkiya, Xitoy, Vetnam va Moldova ham asosiy mehnat donorlari o‘ntaligiga kiradi.


Avvalroq “Spot” Rossiyada O‘zbekistondan quruvchilarni jalb qilish loyihasi to‘xtatilishi kutilayotgani haqida yozgandi.