Xitoy 15-martdan boshlab xorijiy fuqarolar uchun 2020-yil mart oyida koronavirus pandemiyasi sababli toʻxtatilgan barcha turdagi vizalar berishni tiklaydi, deyiladi Xitoy TIV Konsullik boshqarmasi bayonotida.

“Xitoy va boshqa davlatlar oʻrtasida odamlarning harakatlanishini yanada yengillashtirish maqsadida 2023-yil 15-mart, Pekin vaqti bilan soat 00:00 dan boshlab Xitoyga keladigan xorijiy fuqarolar uchun viza siyosati va kirish siyosatiga quyidagi tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi”, — deyiladi xabarda.

Birinchidan, 15-martdan boshlab Xitoyga muddati hali tugamagan va 2020-yil 28-martgacha berilgan vizalar bilan kirish mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, xorijga viza beruvchi agentliklar chet el fuqarolarining Xitoyga kirishi uchun barcha turdagi vizalarni qayta ko‘rib chiqish va berishni davom ettiradi.

Uchinchidan, chegara hududlarida viza berish bilan shug‘ullanuvchi idoralar barcha turdagi chegara vizalarini qayta ko‘rib chiqish va berishni davom ettiradi.

To‘rtinchidan, Xaynan orolida vizasiz siyosat va kruiz kemasi yo‘lovchilari uchun Shanxay vizasiz siyosati tiklanadi, shuningdek, Gonkong va Makaodan kelayotgan chet el fuqarolari guruhlari uchun janubiy Guangdong provinsiyasiga vizasiz kirish qayta tiklanadi.

Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi davlatlaridan sayyohlik guruhlari uchun Guangsi-Chjuan avtonom tumanidagi Guilin shahriga vizasiz kirishga ruxsat beriladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vizasiz kirish va chegara vizalari siyosati pandemiyagacha bo‘lgan shaklda ishlaydimi yoki unga tuzatishlar kiritiladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniqlik kiritmadi.

Mamlakatga sayohat qilishdan oldin, ushbu tafsilotlarni XXR konsullik idoralarida yoki viza markazlarida aniqlashtirish kerak.

2020-yilning 28-martidan boshlab, koronavirus pandemiyasi sababli, Xitoy amaldagi vizalar va yashash ruxsatnomalari bo‘lgan xorijiy fuqarolarning kirishini vaqtincha to‘xtatdi.

Keyinchalik, mamlakat hukumati choralarni yengillashtirdi, ammo so‘nggi uch yilda asosan mamlakatga ish va oilaviy vizalar bilan sayohat qilganlar Xitoyga kirishlari mumkin edi.

8-yanvardan boshlab koronavirusga nisbatan nol bardoshlik siyosatidan voz kechish doirasida xorijdan kelayotgan fuqarolar uchun karantin va PCR testlari butunlay bekor qilindi.

6-fevral kuni Xitoyda test rejimida chet elga guruhli turlar tashkil etish va Xitoy fuqarolari uchun aviachiptalar va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish qayta tiklandi.

Birinchi bosqichda guruh turlarini 20 ta davlatga, shu jumladan Rossiyaga sotishga ruxsat beriladi. 15-martdan boshlab yana 40 ta davlat, jumladan Fransiya, Ispaniya, Gretsiya, Italiya, Armaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston ham ro‘yxatga kiritiladi.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” Toshkent va Pekin o‘rtasida parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.