Talabalarga 2-kursdan sertifikat asosida ishlashiga ruxsat berilishi mumkin. Bu bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalarini ikkinchi kursdan (ayrim ta’lim yo‘nalishlarida ikkinchi kursdan keyingi kurslardan) boshlab oliy ta’lim muassasasi rahbari tomonidan berilgan sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashiga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Loyihada qayd etilishicha, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va haq to‘lanadigan stajirovka o‘tayotgan talabalarni ishga qabul qilishda sertifikat talab qilinmaydi.
Talabalarni sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha ishlashiga faqat oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida ruxsat etiladi.
Qaysi yo‘nalishlarda va qaysi kursdan sertifikat berilishi hamda sertifikatni berishda inobatga olinadigan holatlar 2 oy ichida alohida tasdiqlanadi.
Avvalroq prezident yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi.
Yig‘ilishda yoshlarni ishga qabul qilish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
O‘tgan yili 11 ta davlat oliygohining 11 mingdan ziyod bitiruvchilaridan 6,5 ming nafari ishga joylashmagan. Yoki grantda o‘qigan 3 ming talaba ham ishga kirmagan.
Professional ta’limda ham, o‘tgan yili kollej va texnikumlarni 143 ming nafar yoshlar bitirgan bo‘lsa, shundan 30 ming nafari ish topa olmagan.
Shu sabab, bundan buyon har bir vazir tarmog‘idagi kasblarga malaka talabini o‘zi belgilashi, bunda 70% kasblarga o‘rta maxsus, 30%ga oliy ma’lumot talab etiladigan tizim bo‘lishi ta’kidlandi.
Shuningdek, vazirliklar oliygoh va kollej-texnikumlarga buyurtma berish bilan birga ularning o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.