Prezident raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi ta’kidlandi.

14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlaridan kelib chiqib quyidagi uchta toifaga ajratildi:

  • yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 4,4 mln yoshlar “yaxshi” toifaga;
  • turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 mln yosh “o‘rta” toifaga kiritildi;
  • davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 396 ming nafar yoshlar “ahvoli og‘ir” toifasiga alohida ajratib olindi.

Har bir vazir, vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliygoh rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga uchinchi toifadagi 50 nafardan e’tiborga muhtoj yoshlar nomma-nom biriktirilishi belgilandi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar asosiy e’tiborini “o‘rta” toifaga kirgan 4,6 mln yoshlar bilan ishlashga qaratishi lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda yoshlarni ishga qabul qilish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.

O‘tgan yili 11 ta davlat oliygohining 11 mingdan ziyod bitiruvchilaridan 6,5 ming nafari ishga joylashmagan. Yoki grantda o‘qigan 3 ming talaba ham ishga kirmagan.

Professional ta’limda ham, o‘tgan yili kollej va texnikumlarni 143 ming nafar yoshlar bitirgan bo‘lsa, shundan 30 ming nafari ish topa olmagan.

Shu sabab, bundan buyon har bir vazir tarmog‘idagi kasblarga malaka talabini o‘zi belgilashi, bunda 70% kasblarga o‘rta maxsus, 30%ga oliy ma’lumot talab etiladigan tizim bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, vazirliklar oliygoh va kollej-texnikumlarga buyurtma berish bilan birga ularning o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Har bir vazir va viloyat hokimi yil boshida o‘zining yoshlar bandligi dasturlarini ishlab chiqib, aholiga e’lon qilishi va yil yakunida natijalari bo‘yicha jamoatchilikka hisobot berishi belgilandi.