Qarshi shahridagi Xontepa mahallasini renovatsiya qilish bo‘yicha master-reja tasdiqlandi. Bu haqda Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi xabar berdi.

Kengashning 26-avgustdagi qaroriga ko‘ra, renovatsiya loyihasi 26,8 gektar hududni qamrab oladi.

Master-reja doirasida 107 ta 7−9 qavatli turar joy binosi qurilib, ularda jami 3 050 ta xonadon tashkil etiladi. Natijada 10 620 nafar aholi uchun yashash sharoitlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Hududning 8,3 gektari yoki 31%i yashil maydonlarga ajratiladi. Jumladan, 4,8 gektar maydonda markaziy sayilgoh — bulvar barpo etiladi. Shuningdek, 9,6 km piyodalar va 9,4 km velosiped yo‘laklari tashkil etiladi.

Loyiha doirasida 3 200 ta avtomobil uchun to‘xtash joyi yaratiladi, shundan 1 500 tasi yer ostida joylashadi. Bundan tashqari, 210 o‘rinli maktabgacha ta‘lim muassasasi hamda 400 o‘rinli xususiy maktab qurilishi rejalashtirilgan.

Binolarning birinchi qavatlarida 47,8 ming kvadrat metr savdo, maishiy xizmat va biznes maydonlari tashkil etiladi.

Loyihaga $219,1 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etilib, 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Loyiha hisobidan budjetga yiliga 100 mlrd so‘mdan ortiq soliq tushumlari kelib tushishi kutilmoqda.

Renovatsiya loyihasi 2026−2032-yillarda uchta asosiy bosqichda, sakkizta investitsion uchastka va 32 ta lot bo‘yicha amalga oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini tezlashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni qabul qildi. Unga ko‘ra, qurilish sohasida huquqiy eksperiment tashkil etish rejalashtirilgan edi.

Aprel oyida Xontepa mahallasida 27 gektar hududda renovatsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotganini aytilgandi. Hududda ko‘p qavatli uylar, xizmat ko‘rsatish obyektlari, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalari qurilishi rejalashtirilgandi.

Spot, avvalroq, Qashqadaryoda fermerlar qarzlar va imtiyozli kreditlardan to‘liq qutulgani haqida yozgandi.