Avvalroq Mustaqillikning 35 yilligi arafasida, 25-avgust kuni 72 ta yirik sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirilgani haqida xabar berilgandi.
Qashqadaryo viloyatida so‘nggi 10 yilda aholini ichimlik suvi bilan ta‘minlash darajasi 11% dan 62% ga, maktabgacha ta‘lim bilan qamrab olish 13% dan 75% ga, oliy ta‘lim bilan qamrab olish esa 8% dan 54% ga oshdi. Bu haqda viloyat hokimi Murodjon Azimov prezident ishtirokida mamlakat hududlarida yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida ma‘lum qildi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning 70%i tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. U, shuningdek, viloyatning eksport va investitsiya salohiyati oshayotganini ta‘kidladi.
“Mana yil yakuni bo‘yicha $3,5 mlrdlik investitsiyalarni jalb qilamiz. Bu bosqichma-bosqich belgilangan muddatda amalga oshirilyapti. Birgina joriy yilda 16 trln so‘m Qashqadaryoga kirib kelyapti”, — dedi Azimov.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan viloyatning 16 ta tuman va shahrida 35 tadan obyekt foydalanishga topshirildi. Hokimning aytishicha, jami 598 ta obyekt ishga tushirilgan.

Hokim, shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi ijobiy o‘zgarishlarni ham qayd etdi.
“O‘tgan yilgi paxtadan, bu yilgi g‘alladan birorta fermer bir so‘m qarz emas, olgan imtiyozli kreditlarni qaytarib. Eng boy odam, qishloqdagi eng yaxshi yashayotgan ham, eng yaxshi mashinani minadigan ham bugun fermer bo‘lib, butun harakatlanuvchi kuchga aylanib qoldi”, — dedi hokim.
Azimov xizmat ko‘rsatish va turizm sohasining rivojlanishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Prezidentning o‘tgan yilgi Mirakiga tashriflaridan so‘ng u yerga trillionlab so‘m investitsiya yo‘naltirildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Shahrisabz sayyohlar bilan to‘la.
Hokim, shuningdek, 20 dan ortiq qashqadaryolikning davlat mukofotlari bilan, minglab viloyat ahlining esa mustaqillikning 35 yilligi ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangani uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi.
“Butun xalqimiz nomidan yana bir bor sizni bayram bilan tabriklaymiz. Doimo boshimizga sog‘-omon bo‘ling, dunyo turguncha turing, muhtaram prezident. Sizdek prezidentimiz borligidan hammamiz faxrlanamiz. Doim sog‘ bo‘ling, muhtaram prezident”, — deya so‘ziga yakun yasadi u.
Spot, avvalroq, Navoiy boshqa hududlardan 50 mingdan ortiq ishchi kuchini import qilayotgani haqida yozgandi.