AQSHning butun dunyodagi elchixona va konsulliklari viza rasmiylashtirish uchun hujjatlarni qabul qilishni to‘xtatdi, deya xabar berdi Reuters.

Avvaldan viza suhbatiga belgilangan sanasi bo‘lgan chet el fuqarolariga suhbatlar noma’lum muddatga qoldirilgani haqida elektron xabar yuborilmoqda. Yangi suhbat sanasi keyinroq ma’lum qilinishi aytilgan.

AQSH Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, Amerika diplomatik vakolatxonalari xodimlari “global chuqurlashtirilgan trening"dan o‘tadi. Idora vakili viza jarayonlarining kechiktirilishini ushbu kurslarni tashkil etish bilan bog‘lagan.

Konsullik xodimlari kurslar doirasida davlat nafaqalariga qaram bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan viza talabgorlarini aniqlashni o‘rganadi. Davlat departamenti kurslar qancha davom etishini ma’lum qilmagan.

Joriy yil yanvarida Davlat departamenti 75 ta davlat fuqarolariga immigrant vizalarini rasmiylashtirishni noma’lum muddatga to‘xtatgan edi. Ro‘yxatga Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va O‘zbekiston kabi qator MDH davlatlari ham kiritilgan.

Tashqi siyosat idorasi qarorga sabab sifatida ro‘yxatdagi davlatlardan kelgan migrantlar orasida nafaqa oluvchilar sonining ko‘pligi va ularning jamiyatga “yuk” bo‘layotganini ko‘rsatgan.

Fox News cheklovlar Davlat departamenti arizalarni tekshirish va vizalarni rasmiylashtirish bo‘yicha yangi tartiblarni tasdiqlaguncha amal qilishini bildirgan.

O‘tgan hafta AQSH federal sudi immigrant vizalarini berishni taqiqlashni noqonuniy deb topdi. Sudya Janett Vargasning ta’kidlashicha, vizani “potensial jamoat qaramog‘idagi shaxs"ga rad etish faqat arizachining holati, jumladan, uning yoshi, sog‘lig‘i, ko‘nikmalari, oilaviy va moliyaviy ahvoli baholangandan keyin amalga oshirilishi mumkin.

Sud Davlat departamentining siyosatini 1965-yildagi immigratsiya to‘g‘risidagi qonunni buzish deb baholadi. Mazkur qonun milliy kelib chiqish asosida kamsitishni taqiqlaydi.

Shuningdek, qonunchilik davlat kotibining alohida viza arizalarini ko‘rib chiqishga ta’sir o‘tkazishini taqiqlashi ta’kidlandi.

Bundan avval, iyul oyi oxirida Davlat departamenti 38 ta davlat fuqarolari uchun noimmigrant vizalarni — turistik va biznes vizalarini — rasmiylashtirishda doimiy ravishda viza garovi talabini joriy qilgan edi.

Ro‘yxatda Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham bor. Viza garovi miqdorini konsullik xodimi belgilaydi va u $10 mingdan $20 minggacha bo‘lishi mumkin.


Avalroq Spot Malayziya o‘zbekistonliklarga uzoq muddatli vizalar berishni soddalashtirishi mumkinligi haqida yozgandi.