Xitoy kompaniyasi O‘zbekiston taksi bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 16-oktabr kuni transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Spot nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Xitoy kompaniyasi 5 mingta avtomobilni bozorga olib kirish va o‘z ilovasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Spot muxbirining savoliga javob berar ekan, Omarov bu taksi bozorida tez orada ish boshlashni rejalashtirayotgan yangi ishtirokchi bo‘lishiga aniqlik kiritdi.

11-oktabr kuni O‘zbekistonda taksi chaqirish bo‘yicha eng ommabop xizmatlardan biri sanalgan Yandex Go ilovasida keng ko‘lamli uzilish yuz berdi.

Oqibatda ko‘plab shaharliklar taksi chaqira olmadi, manzillariga kechikdi va rejalarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Bunga kompaniyaning Rossiyadagi ma’lumotlar markazi dronlar hujumi oqibatida shikastlangani va o‘z ishini favqulodda to‘xtatgani sabab bo‘lgan.

Yandeks xizmatlari yagona taqsimlangan infratuzilmadan foydalanganligi bois, ushbu avariya boshqa davlatlar, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi ilovalarning ishlashiga ham ta’sir ko‘rsatdi.

Yandex Go xizmatidagi yirik nosozlikdan so‘ng, 11−13-oktabr kunlari Uklon ilovasida buyurtmalar soni odatdagi shu kabi kunlarning o‘rtacha ko‘rsatkichlariga nisbatan 2−3 baravarga, MyTaxi’da esa 15 baravarga oshib ketdi.

Yaqinda Spot O‘zbekistonda taksi chaqirish bo‘yicha qanday xizmatlar mavjudligi, ularning har birida yo‘l haqi qanchaga tushishi hamda hozir ham telefon orqali mashina buyurtma qilish imkoniyati bor-yo‘qligini o‘rganib chiqdi.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi taksi xizmatlarida narxlar asossiz oshirilishini o‘rganayotgani haqida yozgandi.