Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.

Energetika loyihalari katta sarmoya va murakkab infratuzilmani talab qiladi. Prezident yer ajratish, tarmoqqa ulanish yoki texnik shart olish kabi masalalar bir-biri bilan bevosita bog‘liqligi, birgina kechikish uchun butun loyiha to‘xtab qolishini qayd etdi.

ACWA, Vision Invest, DataVolt, Voltalia va EDF kabi kompaniyalar bu masalalarni doimiy muloqot orqali hal qilib berish tizimini joriy etishni so‘ragan.

Buni hisobga olib, davlat rahbari Yoqilg‘i-energetika sohasida investorlar kengashini tashkil etishga qaror qilganini ma’lum qildi. Kengashga Prezident Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi.

“Bu nima uchun? Investor bilan prezident orasida masofani qisqartirish uchun qilyapman. Sizlarga ma’qulmi bu? Endi men ham yumshoq qilib aytyapman, sizlar ham buni tushunyapsizlar. Juda katta muammomiz, kamchiliklarimiz, byurokratiya, korrupsiyamiz bor desam, bu ham to‘g‘ri gap. Shuning hammasining oldini olish bo‘yicha bu chorani qabul qilishga majbur bo‘ldim men. Kengashning asosiy vazifasi, sizlarni eshitish”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kengash yer ajratishdan tortib, loyiha ishga tushguniga qadar bo‘lgan jarayonlarda investorlar duch keladigan masalalarga tezkor yechim topish bilan shug‘ullanadi. “Albatta administratsiya rahbari boshqaradi, prezident nazorati doimiy bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Avvalroq Spot O‘zbekiston ikkinchi va uchinchi AESni qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.