O‘zbekiston Malayziya bilan fuqarolari uchun safarlarni soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deya xabar berdi Dunyo axborot agentligi.
Malayziya Ichki ishlar vazirligi Immigratsiya departamenti bosh direktorining o‘rinbosari Aminuddin bin Yahya O‘zbekiston diplomatlari bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar viza siyosati sohasidagi islohotlarni muhokama qildi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni 30 kungacha yanada soddalashtirish, shuningdek, uzoq muddatli vizalarni rasmiylashtirishni yengillashtirish istiqbollari bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni xavfsiz mehnat migratsiyasini ta’minlash, xorijda ishlayotgan va tahsil olayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi. Savdo-iqtisodiy, turizm va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham qayd etildi.

Malayziya Immigratsiya departamenti vakillari mamlakatda yashash uchun ruxsat olayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni ortib borayotganini ta’kidladi.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Malayziyaga asosan ta’lim olish va malakali mutaxassis sifatida ishlash uchun bormoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Malayziya O‘zbekiston fuqarolari uchun kirishning elektron shakli (MDAC) rasmiylashtirilishi va qaytish chiptasi mavjud bo‘lishi sharti bilan 30 kungacha vizasiz kirishga ruxsat beruvchi davlatlar qatoriga kiradi. Malayziya fuqarolari uchun O‘zbekistonda 2018-yildan buyon 30 kunlik vizasiz rejim amal qiladi.
Avvalroq Spot Indoneziya mamlakatga kelganda olinadigan viza narxini oshirishi mumkinligi haqida yozgandi.