Chuvash respublikasi O‘zbekistondan kelgan tibbiy sayyohlarni qabul qilib, ularga oftalmologiya, travmatologiya, ortopediya va endoprostetik markazlarda tibbiy yordam ko‘rsatadi. Bu haqda mintaqa rahbari Oleg Nikolayev “TASS"ga ma’lum qilgan.

“Chuvashiyada ikkita noyob yuqori texnologiyali markaz mavjud — ko‘z mikroxirurgiyasi va ortopediya hamda protezlash. Bizga O‘zbekistondan yuqori texnologiyali tibbiy yordam va murakkab operatsiyalarga muhtoj bemorlar kelishadi”, — dedi u.

Shuningdek, respublika rahbari viloyat va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida ham kompleks hamkorlik kutilayotganini ta’kidlagan.

Uning fikricha, viloyatda tibbiy turistlarni qabul qilishni “Turizm va mehmondo‘stlik sanoati” milliy loyihasi bilan bog‘lash mumkin.

Sababi viloyat sanatoriylarida transferlar, joylashtirish va qo‘shimcha reabilitatsiya xizmatlarini o‘z ichiga olgan paketli turlarni yaratish zarur, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, endoskopik buyrak jarrohligiga ixtisoslashgan O‘zbekiston klinikalari Chuvashiyadan bemorlarni qabul qiladi.

“O‘zbekistonda bunday buyrak jarrohlik amaliyotlari noyob hisoblanadi. Bunday almashinuvlar bir-birini boyitadi va tibbiyot muassasalarimiz bugungi kunda „Sog‘liqni saqlash“ milliy loyihasi doirasida sotib olinayotgan va jihozlanayotgan asbob-uskunalarni ishlab chiqish va undan samarali foydalanish imkonini beradi”, — deya tushuntirdi Nikolayev.


Avvalroq O‘zbekistonda ichki turizm bo‘yicha muallimlar va tibbiyot xodimlari uchun alohida dasturni tasdiqlab, ularning yurtimiz bo‘ylab sayohati va dam olishlarini tashkil qilishni boshlash topshirilgandi.