Shavkat Mirziyoyev ishtirokida parlament a’zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.

“Spot” unda davlat rahbari ilgari surgan muhim tashabbus, topshiriq va vazifalar, belgilanayotgan rejalarni bir joyga jamladi.


Yangilangan Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirilmoqda.

“Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda ta’minlash juda katta mehnat talab qiladi. Bunga davlat budjetidan har yili qo‘shimcha 30−40 trln so‘m ajratish kerak bo‘ladi”, — dedi prezident.

Buning hisobidan har yili yuzlab yangi bog‘chalar, maktab va shifoxonalar qurish lozimligi ta’kidlandi.

Nuroniylar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan insonlar, alohida e’tiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar ko‘lami yanada kengaytiriladi.

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori muntazam oshirib boriladi


“Yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi $80 mlrd.dan yaqin yillarda $160 mlrd.ga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak”, — dedi davlat rahbari.

Natijada aholi jon boshiga YAIM hajmi $4 mingga yetishi ta’kidlangan.Shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar davom ettiriladi.

Hukumatga 1-avgustga qadar davlat o‘ziga olgan har bir yangi majburiyat bo‘yicha ularning mablag‘lari, ijro mexanizmlari, bu masalada mas’ul vazirlik va hokimliklar aniq ko‘rsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.


“Bizga inson va biznesning og‘irini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali boshqaruv tizimi kerak. Ma’muriy islohotlarni aynan shu maqsadda boshladik. Birinchi bosqichda Hukumat va vazirliklar ixcham qilinib, ularning ish uslubi o‘zgartirildi”, — dedi prezident.

Navbatdagi vazifa viloyat va tuman darajasida ham boshqaruv sifatini oshirishdan iboratligi qayd etildi.

Davlat rahbari odamlarni qiynayotgan muammolarni mahallaning o‘zi yechadigan xalqchil tizim yaratish niyatida ekanini ma’lum qilib, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30% vakolatlarini mahalla darajasiga tushirish reja qilinganini ta’kidladi.


Prezident ikkita muhim farmonni imzolaganini e’lon qildi. Birinchi farmon yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etish, ijrosini ta’minlash uchun uning mazmun-mohiyatini xalq o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq vazifalarni nazarda tutadi.

Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, davlat rahbari ikkinchi muhim farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkaziladi. Davlat rahbari bu qarorga nima kelgani haqida ham izoh berdi:

“Nima uchun qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechayapman? Chunki, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari yangilangan Konstitutsiya prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘yayotganini ta’kidladi.

“Yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz o‘zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq. O‘ylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu eng to‘g‘ri va adolatli qaror bo‘ladi”, — dedi prezident.