Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda nomzod saylovchilarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. “Spot” unda ilgari surilgan muhim tashabbuslarni bir joyga jamladi.


Ta’lim

400 ta yangi bog‘cha tashkil etish hisobiga, viloyatda maktabgacha ta’limga ehtiyoj 100%ga qoplanadi.

2030-yilga qadar, yangi maktablar qurish, mavjudlarining quvvatini oshirish, shuningdek, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 75 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Natijada, birorta tumanda 30 nafardan ko‘p bola o‘qiydigan maktab sinflari qolmasligi ta’kidlandi.

Bunda, barcha maktablar kompyuter sinfi, interaktiv doska va o‘quv laboratoriyasi bilan jihozlanadi.

“Barcha bog‘cha va maktablarda o‘g‘il-qizlarimiz uchun filtrlangan ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi nomzod.


Sog‘liqni saqlash

Kelgusi yetti yilda Jizzaxda 85 ta tibbiyot muassasasi quriladi va ta’mirlanadi.

Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Xususan, allergologiya, urologiya, neyroxirurgiya kabi 12 ta ixtisoslashgan markaz filiallari ishga tushiriladi.

G‘allaorol va Paxtakorda tumanlararo perinatal markazlar ochiladi.

Bundan tashqari, viloyatda bolalar yurak jarrohligi yo‘lga qo‘yiladi. Buning hisobiga, har yili 500 nafardan ziyod yurak nuqsoni bor bolalarda murakkab operatsiyalar o‘tkaziladi.


Uy-joy qurilishi, suv ta’minoti

“Odamlarimizning uy-joyga ehtiyojini ta’minlash maqsadida, 2030-yilga qadar 25 ming oilaga mo‘ljallangan 500 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi” — dedi nomzod.

Kelgusi yilda Zarafshon daryosidan 160 kilometr magistral quvurni tortish hisobiga, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Do‘stlik, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari va Jizzax shahridagi 600 ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 100 ta mahallada 2 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari o‘tkaziladi. Natijada, 320 ming aholi birinchi marta toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

2030-yilga qadar viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 90%ga yetishi ta’kidlanmoqda.


Elektromobillar ishlab chiqarish

Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda viloyatda tashkil etilishi belgilangan avtomobilsozlik klasteriga $700 mln.lik investitsiya kiritiladi.

Xususan, Xitoy kompaniyalari bilan $80 mln investitsiya hisobiga yiliga yana 50 mingta avtomobillar ishlab chiqarish boshlanadi.

Shuningdek, $130 mln investitsiya hisobiga elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va kelgusi yillarda quvvati 300 ming donaga yetkaziladi.

“Bundan tashqari, koreyalik hamkorlar bilan birgalikda, $235 mln.lik loyiha doirasida avtomobil ishlab chiqarish hajmi 200 ming donaga yetkaziladi”, — dedi nomzod.

Energetika

Forish va G‘allaorolda Xitoy va BAA kompaniyalari bilan jami 750 Megavatt quvvatga ega $700 mln.lik quyosh stansiyalari ishga tushiriladi.

Sharof Rashidov tumanida Turkiya kompaniyasining $350 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobiga 450 Megavattli bug‘-gaz qurilmasi barpo etiladi.

Shuningdek, 4,5 ming kilometr elektr tarmoqlari va 1 ming 100 dan ortiq transformator yangilanadi.


Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash

“Har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi"ni tashkil qilamiz. Ushbu markaz yoshlarimiz uchun chinakam “loyihalar fabrikasi” bo‘ladi va unga erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markazda loyiha ofislari joylashtirilib, yoshlar g‘oyalarini “tayyor biznes"ga aylantirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, Markaz hududida sanoat zonalari va “startap” loyihalari uchun kovorking maydonchalari bo‘ladi.

Tumanlardagi jami 210 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga markazlarning filiali maqomi beriladi va ularda “loyiha guruh"lari ish yuritadi.

“Dunyoning “Top-100” ta oliygohiga grantga kirayotgan yoshlarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari qo‘shimcha imtihonlarsiz ajratiladi.

Shuningdek, “Top-500” ta oliygoh grantini olgan yigit-qizlarga aviachipta va yotoqxona xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

“Bu maqsadlar uchun har yili $200 mln ajratiladi”, — dedi nomzod.


Kitobxonlik

“Buxoro, Samarqand, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qo‘qon kabi turistik majmualarda, shahar va tumanlardagi markaziy parklarda “Ochiq osmon ostida kutubxona"lar tashkil qilinadi.

Shu bilan birga, o‘z hisobidan kutubxona barpo etayotgan tashabbuskorga 1000 tadan o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari olib beriladi.

Ular davlat hisobidan kompyuter bilan jihozlanib, Milliy kutubxona bazasiga ulanadi.