Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga atmosferaga issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga, energiya resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirishga hamda xalqaro uglerod bozorlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishga yordam .bermoqchi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Xususan, “O‘zbekistonning energetika sohasini transformatsiya qilish uchun innovatsion uglerod resurslari” loyihasi doirasida bank $46,2 mln yo‘naltiradi.
Mablag‘lar energiya subsidiyalarini isloh qilish chora-tadbirlarini rag‘batlantirish uchun ishlatilib, energiya resurslari iste’molini va issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga qaratilgan.
Xususan, loyiha O‘zbekistonga “uglerod kreditlari"ni (CO2 tonna ekvivalentida o‘lchanadigan, issiqxona gazlari emissiyasi qisqartirilgan qismining miqdori) to‘plab borish va ularni xalqaro uglerod bozorlarida sotish imkonini beradi.
Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yangi loyiha O‘zbekistonga issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida xalqaro majburiyatlarini bajarishga va xalqaro uglerod bozorlariga kirishga yordam beradi.
“Loyiha doirasida tegishli institutlar, infratuzilma, tizimlar, jarayonlar, kasbiy-texnik salohiyat, shuningdek, Parij kelishuvida nazarda tutilgan uglerod bozori mexanizmlarida ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar yaratiladi va sinovdan o‘tkaziladi”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Loyiha doirasida 2028-yilgacha har yili O‘zbekistonga energiya subsidiyalarini isloh qilish natijalari uchun rag‘batlantiruvchi grant mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan. Ular emissiyalarni tasdiqlangan qisqarishi uchun ajratiladi.
Prognozlarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish davrida O‘zbekiston emissiyalarni taxminan 60 mln tonnaga qisqartirishi mumkin. Shundan taxminan 2−2,5 mln tonnasi loyiha doirasida sotib olinadi.
Qolgan uglerod birliklarini O‘zbekiston loyiha davomida yaratilgan va sinovdan o‘tgan tizim va mexanizmlardan foydalangan holda xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi.
Loyiha Jahon bankining Uglerod aktivlarini transformatsiya qilish jamg‘armasi (TCAF) tomonidan moliyalashtiriladigan birinchi tashabbus hisoblanadi.
Avvalroq bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yangi vitse-prezidenti Antonella Bassanining rasmiy tashrifi davomida kambag‘allikni kamaytirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlar muhokama qilingandi.